Energiya tejamkor materiallardan foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish zarur – Ekopartiya
Jamiyat
−
11 Sentabr
1789Davlat muassasalari ob’ektlari, ko‘p kvartirali uylar va maydoni 1000 m2 dan ortiq bo‘lgan ob’ektlar uchun energiya tejovchi texnologiyalarni o‘rnatishni majburiy etib belgilash.
Aholining o‘sishi, daromadlarning ortishi, urbanizatsiya jarayonining tezlashishi va iste’mol tarkibining o‘zgarishi hisobiga 2030 yilga kelib, bino-inshootlar sohasida energiyaga bo‘lgan talab 2,5 barobarga oshishi kutilmoqda.
Bunday sharoitda energiya manbalariga bo‘lgan talab va taklif o‘rtasidagi tafovutning oldini olish, turarjoy, tijorat va ma’muriy binolarning energiyaga bo‘lgan talabini kafolatli ta’minlash uchun ushbu sohalarda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish zaruriyati paydo bo‘lmoqda. Shu bois butun dunyo mamlakatlarida binolarning energiya samaradorligini oshirish masalalari dolzarb hisoblanadi. Buning uchun energiyaga tejamkor loyihalar va texnik yechimlarni amalga oshirish uchun ob’ektlarda asosan bazalt, mineral plita, penopleks, gidroizol, penoblok, gazobeton kabi materiallar qo‘llanilishi nazoratini kuchaytirish lozim bo‘ladi.
Bu borada joriy yilgi saylovlarda O‘zbekiston ekologik partiyasi tomonidan ilgari surilayotgan davlat muassasalari ob’ektlari, ko‘p kvartirali uylar va maydoni 1000 m2 dan ortiq bo‘lgan ob’ektlar uchun energiya tejovchi texnologiyalarni o‘rnatishni majburiy etib belgilash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun aholi xonadonlari, ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha va boshqa ob’ektlarda energiyani tejash bo‘yicha uslubiy yo‘riqnoma ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir. Aholi uchun mo‘ljallangan yo‘riqnomani oddiy va tushunarli qilib, rasmlar va yo‘l-yo‘riqlar bilan xalqona usulda tayyorlash va keng jamoatchilik foydalanishi uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi veb-saytiga va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Binolar issiqxona gazlari emissiyasining asosiy manbalaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Binolardagi issiqxona gazlari emissiyasi energiya iste’moli bilan bog‘liq, ya’ni, elektr energiyasini, issiqlikni iste’mol qilish va birlamchi energiyadan bevosita foydalanish (masalan, ovqat tayyorlash, individual isitish va boshqalar) mumkin.
Binolar tabiiy gazning 60 foizini, ko‘mirning 56 %, va elektr energiyasining 34%, issiqlik energiyasining 67 foizini iste’mol qiladi. Umuman olganda, binolar yakuniy energiya iste’molining 50 foizini tashkil qiladi. Binolarda energiya, asosan, xonalarni isitishga sarf bo‘ladi. Ijtimoiy binolarni isitish energiya iste’molining qariyb 70 foizini, turarjoy sektorida esa yakuniy energiya iste’molining qariyb 65 foizini tashkil etadi.
Mamlakatlar bo‘yicha energiya sarfi ko‘rsatkichlarining qiyosiy tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekistonda bir yilda 1 kvadrat metrga sarflanadigan energiya miqdori 390 kVt soatni, Yevropada esa o‘rtacha 120-150 kVt soatni tashkil etmoqda (O‘zbekistonga nisbatan 240-270 kVt soatgacha kam yoki 38 foizga teng).
Shu jihatdan olib qaraganda O‘zbekiston ekologik partiyasi tashabbusi har jihatdan dolzarb va O‘zbekistonning barcha hududlarida binolarning energiya samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
LiveBarchasi