Energetikada muammo mablag‘da emas, tizimning boshqaruvida! – Shavkat Mirziyoyev

Jamiyat

image

Shavkat Mirziyoyev energetika tizimidagi muammolar sohaga kam pul ajratilganida emas, balki tizimning o‘zida ekanligini aytdi. Bu haqda Prezident bugun, 27 iyul kuni yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi.

Davlat rahbari so‘nggi o‘n yilda energetika sohasida juda katta islohotlar amalga oshirilganini, qonun va qarorlar qabul qilinib, sohada xususiy sektor va xorijiy investorlar uchun yo‘l ochilganini ta’kidlagan.

Prezident investorlar bilan bir necha bor shaxsan uchrashib, ularning takliflarini eshitganini qayd etgan. Har bir yirik loyihani amalga oshirish uchun sharoit yaratilib, zarur kafolatlar berilganini bildirgan.

Natijada energetika sohasiga 23 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilgan hamda joylarda 9,5 gigavattli elektr stansiyalari ishga tushirilgan. Shu tariqa generatsiya bo‘yicha ichki ehtiyojni to‘liq qoplaydigan quvvatlar yaratilgan.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda elektr va gaz tarmoqlari, podstansiyalar, transformatorlar va gaz taqsimlash qurilmalarini yangilash uchun 30 trillion so‘m ajratilgan. Bu oldingi 25 yilda yo‘naltirilgan mablag‘dan 6 karra ko‘p.

“Ochiq aytish kerak. Energetikada muammo mablag‘da emas, chunki qancha kerak bo‘lsa, topib beryapmiz. Muammo tizimning boshqaruvida!”, degan Prezident.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezidentining tegishli farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov lavozimidan ozod etilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing