Energetika vazirligi elektrda uzilishlar bo‘lishidan ogohlantirdi
Jamiyat
−
26 yanvar 2022
21504Elektr ta’minotida yuzaga kelgan nosozliklar sababli O‘zbekistondagi mavjud gaz qazib olish konlari va uni qayta ishlash zavodlarida texnologik jarayonlarning buzilish holatlari kuzatilmoqda. Bu o‘z navbatida gaz ishlab chiqarish hajmining kamayishiga olib kelmoqda, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi.
Qayd etilishicha, umumtizimda kuzatilgan yirik nosozliklar bosqichma-bosqich bartaraf etilib, O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatish boshlandi. Biroq uzilish gaz ishlab chiqarish hajmining kamayishiga olib kelgan.
“Shu sababli issiqlik elektr stansiyalarida gaz bosimining kamayishi kuzatilmoqda va bu elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Hozirgi vaqtda mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan kelib chiqib respublikamizning ayrim hududlarida navbatma-navbat elektr energiyasi yetkazib berilmoqda”, deyiladi vazirlik axborotida.
Ta’kidlanishicha, energotizimda kuzatilgan nosozliklar sababli yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda.
“Hurmatli Vatandoshlar! Energetiklar tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar va hozirgi sharoitdan kelib chiqib sizdan energiya qurilmalaridan oqilona foydalanishingizni va xonadoningizda ortiqcha elektr jihozlarini tarmoqqa ulamaslikni so‘raymiz.
Bu sa’y-harakatlar ko‘proq iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlashga yordam beradi.
Vaziyatni to‘g‘ri baholab bizni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun rahmat!”, deyiladi rasmiy xabarda.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Toshkentda aholiga yetkazib beriladigan gaz bosimi sezilarli pasaygan. Ba’zi tumanlarda gaz butunlay o‘chib qolgan.
Avvalroq “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufida Gazli, Sho‘rtan va Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalaridagi 64 ta kon vaqtincha faoliyatini to‘xtatgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi