Energetika, transport, migrantlar. Aripov rossiyalik mavqedoshi bilan nimani gaplashgani ochiqlandi
Jamiyat
−
18 Sentabr 2023
6969Bugun, 18 sentyabr kuni Moskva shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hukumat rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiyaning 4-majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda hukumatlarning rasmiy saytida xabar berildi.
Yig‘ilishda Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin mamlakatlar orasida sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika, yuqori texnologiyalar, ta’lim, tibbiyot sohalarida hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratishni taklif qilgan.
“Biz birgalikda savdo-iqtisodiy hamkorlikni faol rivojlantirmoqdamiz, o‘rtamizda mavjud bo‘lgan barcha masalalarni, qo‘shma ishimizda g‘arazgo‘ylarning kelishmovchiliklarni keltirib chiqarishga urinishlariga qaramay, samarali hal etmoqdamiz. Murakkab xalqaro sharoitga qaramay, iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarimiz izchil mustahkamlanmoqda. O‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 600 milliard rubldan oshdi. Joriy yilning yanvar-iyul oylarida bu ko‘rsatkich qariyb 14,5 foizga ortgan va deyarli 470 milliard rublni tashkil qilgan”, deydi Mishustin.
Shuningdek, u energetikani eng istiqbolli sohalardan biri deb hisoblashini bildirgan. Mishustinga ko‘ra, Qandim konlar guruhida yangi zamonaviy gazni qayta ishlash majmuasining barpo etilishi, Shaxpaxti va Jel konlarining o‘zlashtirilishi Rossiya va O‘zbekiston hamkorligining cho‘qqisidir.
“Yana bir e’tiborli tashabbus – O‘zbekistonda Rossiya texnologiyalaridan foydalangan holda atom elektr stansiyasini qurmoqchi. Bu prezidentlar – Vladimir Vladimirovich Putin va Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning qarori. O‘tgan qishda O‘zbekistonda energiya ta’minotida yuzaga kelgan qiyinchiliklar ushbu qarorning to‘g‘riligini tasdiqladi”, deydi Rossiya hukumati rahbari.
Shuningdek, Mishustin ikki davlat va butun Yevrosiyo makonining transport aloqalarini mustahkamlash ham muhim vazifa ekanini qayd etgan.
“Biz O‘zbekistonda temir yo‘l transportini rivojlantirish bo‘yicha kompleks hamkorlik dasturini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratamiz. Rossiyalik investorlar aeroport infratuzilmasini modernizatsiya qilishda ishtirok etishga tayyor. Va, albatta, “Shimol-Janub” xalqaro koridorini rivojlantirish bo‘yicha keyingi qadamlar ustuvor hisoblanadi. Loyiha, yuqorida aytib o‘tganimizdek, yuk oqimi bo‘yicha Suvaysh kanali bilan raqobatlasha oladi va uni amalga oshirish barcha ishtirokchilar o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni oshirishga yordam beradi. Biz umumiy Yevrosiyo makonidagi barcha transport yo‘nalishlarini, jumladan, Afg‘oniston va Janubiy Osiyoga olib boruvchi yo‘nalishlarni kengaytirish uchun yanada yaqinroq hamkorlik qilishga tayyormiz”, degan Rossiya Bosh vaziri.
Shuningdek, Mishustin kelgusi yozda Yekaterinburgda an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan Rossiyaning “Innoprom” ko‘rgazmasida O‘zbekiston ishtirok etishiga ishonch bildirgan. Bundan tashqari, u O‘zbekiston vakillarini “Rossiya” xalqaro ko‘rgazma va forumiga taklif qilgan. U noyabr oyining boshida Moskvada ochiladi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov O‘zbekiston Yevrosiyo qit’asining asosiy transport arteriyalaridan biri – “Shimol-Janub” xalqaro koridorini rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etgan.
“Biz Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston yangi multimodal transport yo‘lagini birgalikda ishga tushirishdan manfaatdormiz. Transafg‘on yo‘lagi bo‘ylab temir yo‘l qurilishi mazkur tashabbusni amalga oshirishning muhim yo‘nalishi hisoblanadi”, degan Aripov.
Shuningdek, O‘zbekiston hukumati rahbari turizm sohasidagi imkoniyatlarga e’tibor qaratgan. U joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga 350 mingga yaqin rossiyalik sayyoh kelganini qayd etgan.
Bundan tashqari, Abdulla Aripov Rossiya Federatsiyasi rahbariyatining mehnat muhojirlari bilan bog‘liq masalalarda ko‘rsatilayotgan yordamini yuksak qadrlashini bildirgan.
“Biz Rossiya tomonining o‘zaro pensiya ta’minoti to‘g‘risida shartnoma tuzish bo‘yicha tezkor qarori uchun minnatdormiz. Bundan tashqari, ishga yollash bo‘yicha kelishuvga o‘zgartirishlar kiritish va O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiya hududlarida vakolatxonalarini ochishni tezlashtirish muhim ahamiyatga ega”, degan Abdulla Aripov.
Shuningdek, u “Klass” loyihasi doirasida O‘zbekistondagi rus tilida ta’lim beriladigan maktablar uchun matematika, fizika va kimyo o‘qituvchilari sonini ko‘paytirishni taklif qilgan. Aripov O‘zbekistonda jami 10 mingdan ortiq umumta’lim maktablari bo‘lib, ularning 10 foizida rus tilida ta’lim berilishini alohida qayd etgan.
“Rus tilidagi maktablar qurish bo‘yicha takliflarni katta minnatdorchilik bilan qabul qilamiz”, degan Bosh vazir.
Qo‘shma komissiya yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha quyidagi hujjatlar imzolangan:
Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi hukumat rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiyaning 4-yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qo‘shma kommyunike;
Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida Bitim;
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kadastr va kartografiya federal xizmati (Rossiya Federatsiyasi) va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasiga 2023-2024 yillarda davlat kadastr baholash tizimini yaratishda bepul texnik yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelishuv;
“Rosatom” atom energiyasi davlat korporatsiyasi (Rossiya Federatsiyasi) va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida yadro tibbiyoti sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi;
“N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti” Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining Toshkent filialining to‘liq faoliyat yuritishi bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi.
LiveBarchasi