Energetika tizimi rahbarlari bugundan boshlab favqulodda rejimga o‘tadi – Prezident
Jamiyat
−
11 avgust 2023 13167 2 daqiqa
Bugun, 11 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida energetika kompleksi rahbarlari va hokimlarga tizimning barqaror ishlashini ta’minlash yuzasidan qator topshiriqlar berdi. Bu haqda Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mas’ullarga joriy yilning ikkinchi yarim yilligida 30 milliard kub metr gaz qazib chiqarish va 41 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqarish, ularni iste’molchilarga uzluksiz yetkazib berish hamda yer osti gaz omborlaridagi zaxiralarni kamida 3,5 milliard kub metrga yetkazish topshirilgan.
Shuningdek, 1 oktyabrgacha 1 ming 100 kilometr tarmoqlar va 402 ta transformatorni ta’mirlash ishlarini to‘liq yakunlash vazifasi yuklatilgan.
Mas’ullar zimmasiga aholining talabini to‘liq qoplash uchun hududlarga qo‘shimcha 35 ming dona gaz ballonlarini yetkazib berish, kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini 335 ming tonna suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash topshirilgan.
Yig‘ilishda joriy yil yakuniga qadar 400 ming tonna benzin ishlab chiqarish va 120 ming tonna import qilish zarurligi ta’kidlangan.
“Mas’ul rahbarlar kuz-qish mavsumida energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash uchun bugundan boshlab favqulodda rejimga o‘tadi. Energetika kompleksi rahbariyati viloyat hokimlari va tarmoq rahbarlari bilan birgalikda yil yakuniga qadar 3,7 milliard kilovatt soat elektr va 2,4 milliard kub metr gazni iqtisod qilish choralarini ko‘radi”, deydi davlat rahbari.
Shu bilan birga, ijtimoiy soha ob’ektlari va davlat idoralarida, tadbirkorlik ob’ektlarida yana 250 megavatt quyosh panellarini o‘rnatish muhimligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Yig‘ilishda hudud va tarmoq rahbarlarining hisoboti tinglangan.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev elektr energiyasini tejash bo‘yicha Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyati, Farg‘ona va Toshkent shahri rejasidagi talablarni bajarmaganini hamda energetika kompleksi rahbarlari bu ishlarni pastda tizimli tashkil qila olmayotganini ham tanqid ostiga olgan edi. Shuningdek, davlat rahbari tuman hokimlari, prokurorlar, ichki ishlar va departament rahbarlari qaysi tumanda energiyani o‘g‘irlash davom etsa, noreal qarzdorlik oshib ketsa, elektr va gaz rahbarlariga qo‘shilib javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirgan.
Live
Barchasi