Endokrinologiya yordami ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi
Jamiyat
−
20 aprel 2019
4084Joriy yilnining 19 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “2019-2021 yillarda Respublika aholisiga endokrinologiya yordami ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Quyida qarorning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlashni isloh qilish bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshirish doirasida aholiga endokrinologiya yordamini ko‘rsatishning yaxlit, vertikal integratsiyalashgan tizimi yaratildi. Endokrinologiya muassasalarini yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlash va endokrin kasalliklarni profilaktika, diagnostika qilish hamda davolashning zamonaviy usullarini joriy etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, endokrinologiya xizmatini yanada rivojlantirish epidemiologik vaziyatni baholash hamda qandli diabet va yod tanqisligi holati yuzaga kelishining oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar qabul qilishni, shuningdek, endokrinologiya yo‘nalishlarini bolalar endokrinologiyasining talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlari bilan birgalikda qayta ko‘rib chiqishni talab etmoqda.
Ixtisoslashgan samarali va zamonaviy endokrinologiya yordami tizimini shakllantirish, qandli diabet va boshqa endokrin kasalliklar profilaktikasi va ularni barvaqt aniqlash choralarini yanada takomillashtirish, aholiga ixtisoslashgan yuqori malakali endokrinologiya yordamini ko‘rsatish sifati va imkoniyatlarini oshirish maqsadida:
1. 2019-2021 yillarda respublika aholisiga endokrinologiya yordami ko‘rsatishni takomillashtirish milliy dasturi(keyingi o‘rinlarda – Milliy dastur) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar Milliy dasturning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
endokrin kasalliklarning oldini olish, ularni barvaqt aniqlash va aholini profilaktika tadbirlari bilan qamrab olish bo‘yicha vaziyatni tubdan yaxshilash;
qandli diabetga chalingan bemorlarning onlayn-registrini yaratish, bemorlarni davolash amaliyotiga qandli diabetning surunkali asoratlari yuzaga kelishi va rivojlanishini kamaytirishga qaratilgan klinik yondashuvlarni joriy qilish, shuningdek, bemorlarning hayot sifatini yaxshilash;
viloyatlar endokrinologiya dispanserlari va filiallaridaendokrin xirurgiya, diabetik to‘piq, diabetik nefropatiya va reanimatsiya bo‘limlarini tashkil qilish orqaliko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar turlarini kengaytirish;
“qandli diabet” tashxisi qo‘yilgan bolalar, o‘smirlar va homilador ayollarni analogli insulin hamda insulin yuborish uchun moslamalar va o‘zini o‘zi nazorat qilish vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks choralarni amalga oshirish;
hududiy o‘zini o‘zi nazorat qilish maktablari negizida professional instruktorlarni jalb qilgan holda endokrin kasalliklarga chalingan bemorlar va ularning oila a’zolarini kasalliklarni to‘g‘ri olib borish va nazorat qilishga o‘qitish;
endokrinologiya muassasalarining tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, shuningdek, ularning kadrlar salohiyatini mustahkamlash;
endokrinologiya sohasidagi mahalliy ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va sog‘liqni saqlash amaliyotiga jahondagi ilg‘or tajribalar, ilmiy ishlanmalarni tatbiq qilish;
yangi endokrinologiya muassasalarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, ularni zamonaviy diagnostika va maxsus tibbiy uskunalar, vositalar va inventarlar bilan jihozlash (qo‘shimcha jihozlash) orqaliendokrinologiya muassasalarini modernizatsiya qilish va ularning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash.
3. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi Milliy dasturda ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xalqaro hukumat moliyaviy tashkilotlarining imtiyozli kreditlari (qarzlari) va grantlarini jalb qilish bo‘yicha choralar ko‘rsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining quyidagilarni muntazam ravishda amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi tartibni joriy etishto‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin:
qandli diabetning I turi bilan kasallangan bolalar va o‘smirlar uchun analogli insulinlar va o‘zini o‘zi nazorat qilish vositalarini (test-chiziqchalar) markazlashgan tarzda xarid qilish va barcha viloyat endokrinologiya dispanserlari orqali tarqatish;
kaliy yodid preparatlari bilan uzluksiz ta’minlash orqali aholining kasallikka chalinish xavfi yuqori bo‘lgan guruhlari (bolalar, o‘smirlar, homilador va emizikli ayollar) orasida yod tanqisligi kasalliklarini profilaktika qilish.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetida ushbu bandni ijro etish uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 avgustga qadar birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining shtatlar normativlarini qo‘shimcha endokrinolog, shu jumladan, bolalar endokrinologi lavozimlarini kiritishni ko‘zda tutgan holda qayta ko‘rib chiqsin.
Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, endokrinolog, shu jumladan, bolalar endokrinologi lavozimlarini kiritish birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining mavjud shtat birliklari doirasida amalga oshiriladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, aholi o‘rtasida keng yoritilishini ta’minlasin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2019 yil 19 aprel
LiveBarchasi