Endilikda ichimlik va oqova suv uchun to‘lovlar faqat elektron shaklda qabul qilinadi
Jamiyat
−
12 noyabr
3789O‘zbekistonda 1 dekabrdan ichimlik va oqova suv xizmatlari to‘lovlari faqat elektron shaklda qabul qilinadi. Bu haqda “O‘zsuvta’minot” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu chora sohada shaffoflikni ta’minlash, hamda korrupsion holatlarga barham berish maqsadida amalga oshirilmoqda. Negaki so‘nggi vaqtlarda sohada bir qancha korrupsiyaviy holatlar aniqlangan. Jumladan, to‘lovni naqd shaklda amalga oshirish bilan bog‘liq bir qancha qonunbuzilish holatlari kuzatilgan.
Xususan, jamiyatning Korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens-nazorat boshqarmasi Sirdaryo viloyati bo‘yicha inspektori tomonidan hududiy suv ta’minotining mijozlar bo‘limi aholi nazoratchisi O‘.B. Guliston shahrida istiqomat qiluvchi 36 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning ishonchiga kirib, iste’mol qilingan ichimlik suvi uchun undirilgan jami 52 million 427 ming 706 so‘m pul mablag‘larini aksiyadorlik jamiyati va fuqarolarning hisob raqamiga kirim qilmasdan, o‘zining shaxsiy manfaatlari uchun ishlatib yuborgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan O‘.B.ga nisbatan to‘plangan hujjatlar Sirdaryo viloyati prokuraturasiga taqdim qilingan va Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” (oz miqdorda firibgarlik) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda “Xorazm suv ta’minoti” AJning 5 ta tuman filiali mas’ul shaxslari tomonidan iste’molchilarning ichimlik suvi uchun to‘lov qilingan jami 380 million so‘m mablag‘larini bank hisob raqamlariga kirim qilmasdan, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan. Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Shu sababli endilikda 2024 yil 1 dekabrdan boshlab nazoratchi va suv ta’minoti xodimlariga to‘lovlarni naqd pul ko‘rinishida amalga oshirish to‘xtatiladi.
LiveBarchasi