Endi o‘zbekistonliklar Misrga meva eksport qilishi mumkin
Jamiyat
−
18 avgust 2192 2 daqiqa
Endilikda O‘zbekistonda yetishtirilgan yangi uzilgan o‘rik, olxo‘ri va nektarin, shuningdek, po‘sti olinmagan yong‘oq va bodom Misr Arab Respublikasiga eksport qilinishi mumkin. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, agentlik bu imkoniyatni yaratish uchun Misr tomoni bilan muzokaralar olib borgan va mahsulotlar bo‘yicha fitosanitar ruxsatlar olgan. Mahsulotlar jo‘natilishidan fitosanitar nazoratdan o‘tkazilib, Misr uchun karantin ahamiyatiga ega zararkunandalardan xoli ekanligi tasdiqlangandan so‘ng fitosanitar ruxsatnoma rasmiylashtiriladi. Xalqaro talablarga muvofiq, har bir jo‘natma ISPM №7 va ISPM №12 standartlariga muvofiq fitosanitariya sertifikati bilan rasmiylashtirilishi belgilangan.
“Yangi turdagi mahsulotlarga fitosanitar ruxsatlar olinishi O‘zbekiston uchun eksport geografiyasini kengaytirish, Yaqin Sharq va Afrika bozorlariga kirish uchun “ko‘prik” yaratish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining mavsumiy sotuv davrini uzaytirish imkoniyatini beradi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, Misr – 110 milliondan ortiq aholiga ega bo‘lgan, Afrika va Yaqin Sharq mintaqasidagi eng yirik iste’mol bozorlaridan biri. Meva-sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talab yil davomida mavjud. Shu bois Misr har yili yuz minglab tonna yangi uzilgan mahsulotlarni import qiladi. Bugungi kunda O‘zbekistondan Misrga 25 turdagi mahsulot eksporti uchun fitosanitar ruxsatlar olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston 2024 yil yanvar-dekabr oylarida 1,5 mlrd AQSH dollari qiymatidagi 2 mln tonna meva-sabzavot eksport qilgani xabar qilingandi. Eng ko‘p meva Rossiyaga eksport qilingan – 815,1 ming tonna (632,9 mln dollar).
Live
Barchasi