Endi o‘zbekistonliklar Koreyaga mavsumiy ishlarga yuboriladi
Jamiyat
−
10 may
16947O‘zbekistonliklar Koreyaga mavsumiy ishlarga yuboriladi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev Koreya adliya vaziri Pak Son Je bilan uchrashuvda o‘zbekistonliklarning mavsumiy ishlarga jalb qilinishi haqida kelishuvga erishgan. Seulda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, dastlab ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari xususida so‘z bordi. Mehnat munosabatlariga oid mavjud muammolar o‘rtaga tashlanib, ularning yechimi yuzasidan fikr almashilgan.
Olib borilgan muzokaralar natijasida endilikda yurtdoshlar Koreyada qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarda mehnat qilishi mumkin bo‘ladi. Xususan, qishloq xo‘jaligi, agrotexnologiyalar bo‘yicha ishlab, malakasini oshiradi, bu orqali ayni yo‘nalishdagi bilim va ko‘nikmalarini boyitib, mamlakatga katta tajriba bilan qaytishi mumkin.
Bundan tashqari, professional kasb-hunarga ega bo‘lgan o‘g‘il-qizlarning ham Koreyada ishlash imkoniyatlari paydo bo‘lmoqda. Ushbu yo‘nalishda, ya’ni ma’lum bir kasb-hunarga ega bo‘lgan, qo‘lida diplomi bor mutaxassislar ko‘p. Endilikda ular ham o‘z sohasidan kelib chiqib Koreyada faoliyat olib borishi yo‘lga qo‘yiladi.
Ayni yo‘nalishda Adliya vazirligi bilan kelishuvga erishilgan. Uchrashuvda yurtdoshlarning namunali faoliyat olib borishi, Koreya davlati qonunlarini hurmat qilishi ikki davlat hamkorlik munosabatlarining yanada taraqqiy etishiga xizmat qilishi qayd etilgan.
Koreyaga vaqtincha ishlash uchun boradigan har bir nomzod bilan mutaxassislar alohida shug‘ullanishi, ushbu davlatning mehnat va migratsiya qonunchiligi, madaniyati, urf-odat va an’analari xususida axborotlar berib borilishi ma’lum qilingan.
O‘zbekistonlik ishchilar Koreyaning mehnat qonunchiligini buzmasa, nolegal faoliyatga o‘tmasa, o‘z ish joylarini asossiz tashlab ketmasa, Koreya tomoni hamyurtlar uchun har qanday ishchi viza turini eng yuqori darajada ochib berishga tayyorligini bildirgan.