Endi o‘rta maxsus ma’lumotli tarbiyachilar ham o‘qib, ham ishlay oladi

Jamiyat

image

O‘rta maxsus ma’lumotli tarbiyachilar uchun “1+5” bakalavr ta’lim shakli joriy qilinadi. Bu haqda bugun, 9 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan ta’lim sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

“Qamrovni oshirish uchun barcha sharoit qilib beryapmiz, lekin bog‘chalarga yangi nafas, yangi metodika kirib borishi, tarbiyachilarning salohiyati ham shunga yarasha bo‘lishi kerak”, deydi Prezident.

Yoz mavsumida 118 ming tarbiyachining malakasi oshirildi, lekin bu yetarli emasligi qayd etildi.

Shu bois, yangi o‘quv yilidan pedagogika oliygohlarida o‘rta maxsus ma’lumotli tarbiyachilar uchun “1+5” (1 kun o‘qish, 5 kun ish) bakalavr ta’lim shakli joriy qilinadi. Bu orqali bog‘chalarga har yili qariyb 10 ming oliy ma’lumotli mutaxassis kirib keladi.

Xususiy bog‘cha bilan davlat bog‘chasi uchun ta’lim-tarbiya sifati bo‘yicha yagona yondashuv yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan kelgusi yilda har bir viloyatda bog‘cha tarbiyachilari pedagogik mahoratini oshirishga metodik ko‘maklashuvchi tayanch “Yangi avlod” bog‘chalari barpo qilinadi. Mutasaddilarga “Yangi avlod” bog‘chasi loyihasini eski va bir xil yondashuvlardan chekinib, yangicha ishlab chiqish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur vidoyeselektr yig‘ilishida O‘zbekistondagi har bir tumanda bog‘cha qamrovi 80 foizdan kam bo‘lmasligi shartligi belgilangandi. Buning uchun viloyat va tuman hokimlari oldiga bo‘sh yerlarni topib, auksionga chiqarish, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda qaysi maktab va bog‘chada bo‘sh joy bo‘lsa, bog‘cha qurish rejasini belgilash vazifasi qo‘yildi.


Maqola muallifi

Teglar

tarbiyachi pedagogika oliygohlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing