Endi teatrlarga har bir sotilgan chipta uchun gonorar beriladi
Madaniyat-san’at
−
01 iyun 2046 2 daqiqa
Endilikda O‘zbekistondagi davlat va xususiy teatrlar spektakl uchun sotilgan har bir chiptaga byudjetdan qo‘shimcha 10 ming so‘mdan gonorar oladi. Bu haqda bugun, 1 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, poytaxtning bir qator teatrlaridagi holat o‘rganilgach, Milliy qo‘g‘irchoq teatri, Muqimiy nomidagi akademik teatr va Yoshlar teatriga zamonaviy qiyofa olib kirish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan.
O‘tgan yili Alisher Navoiy teatriga moliyaviy, ijodiy va tashkiliy masalalarni mustaqil hal qilish vakolati berilgani o‘zini oqlagan. Endi mazkur tajriba ommalashtirilib, shu yilning o‘zida Muqimiy, Berdaq va Milliy qo‘g‘irchoq teatrlariga shunday imkoniyat beriladi.
Mutasaddilarga qolgan madaniyat ob’ektlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha ikki yillik dasturni kiritish topshirilgan.
Xususiy teatrlar qo‘llab-quvvatlansa, sohada sog‘lom ijodiy raqobat muhiti paydo bo‘ladi. Shuning uchun 1 sentabrdan boshlab xususiy teatrlar va teatr-studiyalariga har yili 50 ta sahna asari yaratish xarajati davlat tomonidan qoplab beriladi, davlat madaniyat ob’ektlari bepul foydalanish uchun ajratiladi, xususiy binoni ijaraga olsa, oyiga 20 million so‘mgacha xarajati byudjetdan qoplanadi.
Shuningdek, endilikda ular spektakl uchun sotilgan har bir chiptaga byudjetdan qo‘shimcha 10 ming so‘mdan gonorar oladi. Ya’ni mingta bilet sotsa, teatrga qo‘shimcha 10 million so‘m beriladi. Agar ijodkorlar sahna asarini hududlarga chiqib namoyish qilsa, gonorar miqdori 20 ming so‘mdan bo‘ladi.
Live
BarchasiPashinyanning qushi uchmadi
03 iyun