Endi “svet” va gaz narxi har uch yilda o‘zgaradi
Jamiyat
−
22 iyun
9542O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun narxlar 2026 yildan boshlab, uch yildan kam bo‘lmagan muddatga amal qiladi.
Aholining kam ta’minlangan va himoyaga muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash elektr energiyasi va tabiiy gazning bazaviy normasini qo‘llash hamda ular uchun tariflar oshganda kompensatsiyalar berish yo‘li bilan ta’minlanadi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2024 yilning 15 iyundagi “Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida tarif siyosatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 337-sonli qarori bilan 2035 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasi yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlarida belgilangan. Qonun 2025 yil 1 aprelda kuchga kiradi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda joriy yilning 1 may kunidan elektr energiyasi va gaz uchun tariflar tabaqalashtirilgan tartibda o‘zgardi. Elektr energiyasi narxi iste’molchilarning I va II guruhlari uchun o‘zgarishsiz – 1 kVt/soat uchun mos ravishda 1000 so‘m va 900 so‘mdan qoldirildi. Iste’molchilarning III guruhi, shu jumladan, markazlashgan holda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar uchun 1 oydagi iste’moldan kelib chiqib quyidagicha belgilandi:
- oyiga 200 kVt/soatgacha – 225 so‘m;
- oyiga 201 kVt/soatdan 1 000 kVt/soatgacha – 450 so‘m;
- oyiga 1 001 kVt/soatdan 5 000 kVt/soatgacha – 675 so‘m;
- oyiga 5 001 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha – 787,5 so‘m;
- oyiga 10 000 kVt/soat va undan yuqori – 900 so‘m.
Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa bir oydagi iste’moldan kelib chiqib:
- oyiga 200 kVt/soatgacha – 450 so‘m;
- oyiga 201 kVt/soatdan 1 000 kVt/soatgacha – 900 so‘m;
- oyiga 1 001 kVt/soatdan 5 000 kVt/soatgacha – 1 350 so‘m;
- oyiga 5 001 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha – 1 575 so‘m;
- oyiga 10 000 kVt/soat va undan yuqori – 1 800 so‘mdan etib belgilangan.
Iste’molchilarning IV guruhi uchun ham narxlar o‘zgarishsiz – 1 kVt/soat uchun 900 so‘mligicha qolgan.
Shuningdek, tabiiy gaz yetkazib berishda iste’molchilar uchun to‘lov miqdori o‘zgarishsiz – bir kubometr uchun 1 500 so‘mdan qoldi.
Yirik ulgurji iste’molchilar hamda byudjet tashkilotlari uchun ham tabiiy gaz narxi o‘zgarishsiz – bir kubometr uchun 1 800 so‘mligicha saqlandi.
Kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun aholiga mavsumga qarab noyabrdan fevralgacha, isitish mavsumida aholiga yetkazib beriladigan tabiiy gazning bir kubometr narxi quyidagicha belgilandi:
- 500 kub metrgacha iste’mol uchun 380 so‘mdan 650 so‘mgacha;
- 500 dan 2500 kub metrgacha 1500 so‘mdan;
- 2 500 dan 5 ming kub metrgacha 1950 so‘mdan;
- 5 mingdan 10 ming kub metrgacha 2275 so‘mdan;
- 10 ming kub metrdan yuqori iste’mol uchun 2 600 so‘m.
Mart-oktyabr oylarida gaz iste’moli uchun tariflar quyidagicha belgilandi:
- 100 kub metrgacha – 650 so‘m;
- 101 kub metrdan 2500 kub metrgacha – 1500 so‘m;
- 2500 kub metrdan 5000 kub metrgacha – 1950 so‘m;
- 5 ming kub metrdan 10 ming kub metrgacha – 2275 so‘m;
- 10 ming kub metrdan va undan yuqori iste’mol uchun – 2600 so‘mdan bo‘ldi.
Shuningdek, aholi uchun suyultirilgan gaz tarifi 1 kgga 1120 so‘mdan 1600 so‘mga oshdi. 1 iyuldan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga yetkazib beriladigan gaz narxi 1500 so‘mdan 1800 so‘mga oshdi.
LiveBarchasi