Endi respublika darajasidagi tashkilot rahbarlari ham onlayn tanlanadi
Jamiyat
−
20 iyun 4214 2 daqiqa
Endi respublika darajasidagi tashkilot rahbarlari ham Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona portali orqali tanlanadi. Bu haqda kecha, 19 iyun kuni qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida so‘z boradi.
Farmonga muvofiq Davlat xizmati lavozimlarini egallash bo‘yicha tanlov o‘tkazishda joriy yil 1 avgustdan boshlab respublika, hududiy va tuman (shahar) darajasidagi tashkilotlardagi lavozimlarning boshqaruv va yordamchi guruhlari uchun tanlovlar faqatgina Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona portali orqali o‘tkaziladi.
Qonunchilikda lavozimga tayinlashda tegishli organlar bilan kelishilishi lozim bo‘lgan lavozimlar bo‘yicha kelishuv ushbu organlarning vakillarini tanlov komissiyasi tarkibiga kiritish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Test sinovlari Davlat xizmatchilarini sinovdan o‘tkazish moduli orqali maxsus jihozlangan xonalarda yoki masofaviy onlayn proktoring tizimi orqali o‘tkaziladi. Bunda tegishli davlat organida test sinovlarini maxsus jihozlangan xonalarda yoki masofaviy o‘tkazish masalasi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan murojaatlar tahlili, o‘rganishlar va so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra hal etiladi.
Shuningdek, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga quyidagi huquqlar beriladi:
- tanlovning suhbat bosqichiga davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar yoki davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashlarining vakillaridan ekspertlarni jalb qilish;
- tanlov yakunlariga ta’sir ko‘rsatgan va bartaraf etib bo‘lmaydigan kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tegishli davlat organiga tanlov komissiyasining qarorini bekor qilish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritish.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur farmon bilan endilikda davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuzilishi va keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga ko‘ra mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytirilishi xabar qilingandi.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr