Endi Milliy gvardiyaga ham jarimaga tortish vakolati berilmoqda

Jamiyat

image

Milliy gvardiyaga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzish va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga doir ayrim vakolatlar berilmoqda. Bu haqda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonunda keltirilgan. 

Ta’kidlanishicha, Milliy gvardiya organlariga huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, davlat ob’ektlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qo‘riqlash, jamoat tartibini saqlash, jamoat joylarida patrullik qilish kabi vazifalar yuklatilgan.

Shu bilan birga, amaliyotda mazkur vazifalarni to‘laqonli amalga oshirish hamda xizmatni o‘tash davomida aniqlangan huquqbuzarliklarga nisbatan o‘z vaqtida choralar ko‘rish uchun Milliy gvardiyaga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzish va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga doir ayrim vakolatlarni berish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Milliy gvardiya organlari tomonidan jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha 2022 yilda amalga oshirilgan ishlar natijasida noqonuniy saqlangan 44 ta pnevmatik va ov quroli, 3202 dona o‘q-dori olib qo‘yilgan. 

Urg‘ulanishicha, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va xodimlariga yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ish yuritish (bayonnoma tuzish) vakolati berilmagani sababli yuqorida qayd etilgan holatlar bo‘yicha to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlarga hal etish uchun yuborilgan. Bu o‘z navbatida ortiqcha hujjat aylanishi va eng asosiysi fuqarolarning sarson bo‘lishiga olib kelgan.

Shu munosabat bilan Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqilgan.

Mazkur qonun bilan Milliy gvardiya organlarining xodimlariga mayda bezorilik, quroldan belgilangan tartibni buzgan holda foydalanish, sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurishga oid ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqish, bayonnomalar tuzish va ularni ko‘rib chiqish uchun sudga yuborish yuzasidan qo‘shimcha vakolatlar berilmoqda. 

Qolaversa, bu kabi vakolatlar voyaga yetmagan shaxsni ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishga, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish, jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish, tilanchilik qilish hamda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish holatlarida ham amalga oshiriladi. 

Bunda mazkur toifadagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ichki ishlar organlarida ham saqlanib, huquqbuzarlik Milliy gvardiya xodimlari tomonidan aniqlangan taqdirda ularga jarima jazosini qo‘llash huquqi berilmoqda.

Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishda qonuniylikni ta’minlash va asossiz javobgarlikka tortish holatlarining oldini olish maqsadida Milliy gvardiya organlari nomidan Qonunda ko‘rsatilgan boshqarma (bo‘lim) boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni qo‘rib chiqishga va jarima jazosini qo‘llashga haqli ekanligi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yuqorida keltirilgan o‘zgarishlar kiritilishi munosabati bilan jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar bo‘yicha Milliy gvardiya organlariga huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish huquqi berilmoqda.

Ushbu qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan.


Maqola muallifi

Teglar

Milliy gvardiya jarima

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing