Endi Kimga nimadir bo‘lsa, avtomatik yadroviy chora ko‘riladi (video)
Olam
−
17:08 2769 2 daqiqa
Shimoliy Koreya Konstitutsiyasiga mamlakat yetakchisi Kim Chen In halok bo‘lgan taqdirda avtomatik yadroviy javob zarbasi berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritildi. Bu haqda “The Telegraph” nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, bu o‘zgartishlar Eron Oliy rahbari Ali Xomanaiy Amerika Qo‘shma Shtatlari va Isroilning qo‘shma operatsiyasi vaqtida yo‘q qilinganidan keyin qabul qilingan. Tegishli qaror 22 mart kuni Pxenyanda bo‘lib o‘tgan Koreya Xalq Oliy Majlisi yig‘ilishida ma’qullangan.
Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Kim Chen In mamlakat yadroviy kuchlarini shaxsan nazorat qiladi. Biroq yangi qoidalar uning halok bo‘lishi yoki harakatga layoqatsiz holatga kelishi vaziyatida javob zarbasini amalga oshirish tartibini rasman belgilab bergan.
“Agar davlat yadroviy kuchlarini boshqarish tizimi dushman kuchlari hujumi oqibatida xavf ostida qolsa, yadroviy zarba avtomatik va zudlik bilan amalga oshirilishi kerak”, deyiladi yangilangan yadroviy siyosat to‘g‘risidagi qonunning 3-moddasida.
Seuldagi Kukmin universiteti professori Andrey Lankov bu kabi yondashuv ehtimol avval ham mavjud bo‘lganini, ammo endi Konstitutsiyada mustahkamlangani sabab yanada muhim ahamiyat kasb etganini aytgan.
“Eron voqeasi xavotirli signal bo‘ldi. Shimoliy Koreya Amerika va Isroilning rahbariyatni boshsiz qoldirishga qaratilgan hujumlari qanchalik samarali bo‘lganini ko‘rdi. Ular bu holatdan qo‘rqib qolgan”, deya ta’kidlagan professor.
Nashrning yozishicha, Kim Chen Inga qarshi bunday operatsiyani amalga oshirish Erondagidan ancha qiyin bo‘ladi. Shimoliy Koreya chegaralarining deyarli to‘liq yopiqligi va xorijliklar bilan aloqalar qattiq nazorat qilinishi bunga asosiy sabab sifatida ko‘rsatilgan.
Manbaga ko‘ra, Isroil razvedkasi Eronda rahbarlarning joylashuvini buzib kirilgan kuzatuv kameralari orqali aniqlagan bo‘lib, Pxenyanda bu usulni qo‘llash qiyin. Chunki u yerda videokuzatuv tizimi cheklangan va internet qat’iy nazorat qilinadi. Bundan tashqari, Kim Chen In o‘z xavfsizligidan qattiq xavotir oladi. U kuchli qo‘riqchilar bilan harakatlanadi, samolyotda uchishdan qochadi va odatda maxsus zirhlangan poyezddan foydalanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq KXDR Konstitutsiyasidan Janubiy Koreya bilan birlashish bandini olib tashlagan edi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi