Endi qurilishi tugallangan binolar boshqaruvchi tashkilotsiz qabul qilinmaydi

Jamiyat

image

Boshqaruvchi tashkilotga ega bo‘lmagan yangi ko‘p qavatli turar joy binolari foydalanishga qabul qilinmaydi. Bu Prezidentning 15 avgustdagi “Ko‘p qavatli uylarni boshqarishni yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan.

Unga ko‘ra, quruvchi tashkilotlar qurilishi tugallangan uyni boshqarish uchun boshqaruvchi tashkilotni jalb qilishi kerak. Amaldagi tartibda esa qurilishi tugallangan va foydalanishga qabul qilingan ko‘p kvartirali uy-joyni boshqarish birinchi 2 yilda quruvchi tomonidan amalga oshirilar edi. Unda quruvchining o‘zi boshqaruv usulini tanlashi yoki shartnoma asosida boshqaruv tashkilotini jalb qilishi mumkin bo‘lardi.

Qaror bilan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga boshqaruvchi tashkilot yoki uy boshqaruvchisini almashtirishga cheklovlar belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorlash topshirilgan.

Yangi qonun loyihasida umumiy yig‘ilishning uy-joylarni qurish usuli va boshqaruv organini tanlash to‘g‘risidagi qarori, agar buning uchun binolarning barcha mulkdorlari yoki ularning vakillarining 50 foizdan ortig‘i ovoz bergan bo‘lsa, qabul qilingan deb e’tirof etilishi aks ettirilishi kerak.

Shuningdek, qonunda ko‘p qavatli uylar va ularga tutash yer uchastkalari uchun barcha uy-joy mulkdorlari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qaror asosida qarz mablag‘lari, shu jumladan, kreditlar olish imkoniyatini belgilash taklif etilmoqda. Hozirda buning uchun uy egalarining 80 foizdan ortig‘i yoki ularning vakillari ovoz berishi kerak bo‘ladi.

Ko‘p qavatli uylarni boshqarish to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, ko‘p qavatli uyni boshqarish usuli joylar mulkdorlarining umumiy yig‘ilishi tomonidan belgilanadi. Boshqaruv bevosita mulkdorlar, boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi (shartnoma asosida), shuningdek, uy-joy mulkdorlarining shirkati bo‘lgan notijorat tashkilot tomonidan amalga oshirilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

uy-joy boshqaruvchi tashkilot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing