Endi qurilish maydonlarida havoni ifloslantirmaslik uchun majburiy talablar joriy qilinadi
Jamiyat
−
24 fevral
6509Joriy yilning 1 martidan boshlab qurilish maydonlarida havoni ifloslantirmaslik uchun majburiy talablar joriy qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonida belgilab qo‘yildi.
Farmonga ko‘ra, 2024 yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kamida 200 million tup manzarali va mevali daraxt hamda butalar ko‘chatlari, qalamchalari ekiladi, shuningdek, respublikada 444 ta yashil bog‘lar barpo qilinadi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va ularning salbiy oqibatlarini yumshatish doirasida 2024 yil 1 martdan boshlab:
- Hududlarda chang bo‘roni sodir bo‘layotganda va atmosfera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori bo‘lgani aniqlanganda aholini ogohlantirish, yurak-qon tomir va nafas yo‘llari kasalliklariga chalingan hamda sog‘lig‘i havoning ifloslanishiga ta’sirchanligi yuqori bo‘lgan boshqa fuqarolarni zarur profilaktik choralar to‘g‘risida doimiy xabardor qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
- O‘lchami 500 metr kvadrat va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonlarida, unga kirib-chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar joriy qilinadi;
- Toshkent shahrida yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tig‘iz vaqt oraliqlarida taqiqlanadi. Bunda ushbu cheklovlar maxsus xizmat, shu jumladan, kommunal xo‘jaligi, obodonlashtirish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining yuk transporti vositalariga tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, 2030 yilga qadar Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida “YEVRO – 5” va undan yuqori standartlariga muvofiq bo‘lmagan avtomashinalar ekspluatatsiyasi bosqichma-bosqich cheklanadi.
Qolaversa, Toshkent shahrida har oyning bir ish kuni davomida avtomobillar harakatlanishini (jamoat transportlari, maxsus va shoshilinch yordam xizmatlaridan tashqari) qisqartirishga qaratilgan “Avtomobilsiz kun” jamoatchilik loyihasi amalga oshiriladi. Bunda binosi Toshkent shahrida joylashgan barcha respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar va boshqa xodimlari jamoat transportida ish joyiga kelishi orqali namuna ko‘rsatib boradi. Bu ekologiyaga avtomobillar chiqindi gazlarining zararli ta’sirini kamaytirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 fevral kuni O‘zbekistonda aholini chang bo‘roni va havo ifloslanishidan ogohlantirishni boshlash rejalashtirilgan edi.
LiveBarchasi