Endi Qozog‘istonda qamalgan o‘zbekistonliklar jazoni o‘z vatanida o‘tashi mumkin

Jamiyat

image

Endilikda Qozog‘iston sud tomonidan ozodlikdan mahrum qilinganlar jazoning to‘liq muddatini yoki jazo o‘tayotganlar, belgilangan muddatning qolgan qismini O‘zbekistonda o‘tashi kutilmoqda. Xuddi shunday amaliyot O‘zbekistonda hukm qilingan Qozog‘iston fuqarolariga nisbatan ham qo‘llaniladi. Bu “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun topshirish to‘g‘risidagi shartnomani (Nur-Sulton, 2021 yil 6 dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasida o‘z aksini topgan. 

Qonun loyihasi kecha, 22 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Majlisda qayd etilganidek, jinoyat sodir etish natijasida ozodlikdan mahrum etilgan chet el fuqarolariga belgilangan jazoni o‘z davlatida o‘tashlari uchun imkoniyat yaratilishi ularni qayta tarbiyalash hamda ijtimoiy reabilitatsiya qilish imkoniyatini beradi.

Ushbu Shartnomani ratifikatsiya qilish orqali uning kuchga kirishi mahkumlarni topshirish sohasidagi normativ-huquqiy bazani shakllantirib, ikki davlat vakolatli organlarining ushbu sohadagi o‘zaro hamkorligi samaradorligini oshiradi.

Mazkur xalqaro shartnomada ahdlashuvchi tomonlar shartnomada belgilangan shartlarga binoan bir-birlarining iltimosnomalari bo‘yicha hukm chiqargan davlat hududida jinoyat sodir etganlik uchun jazoni ijro etish muassasalarida ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tayotgan va boshqa ahdlashuvchi tomonning fuqarosi bo‘lgan mahkumlarni hukm ijro etiladigan davlatga o‘tkazish tartibi belgilangan. Jumladan, mahkum hukm chiqarilgan tomon xududidan hukm ijro etiladigan tomon hududiga jazoni yoki uning qolgan qismini o‘tash uchun topshirilishi mumkin.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan atroflicha muhokama qilinib, qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

43

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing