Endi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar QQS to‘lovchisi bo‘ladi

Jamiyat

image

Joriy yilning 1 oktyabridan binoan ayrim tadbirkorlik sub’ektlariga ham QQS joriy qilinmoqda. 

2019 yil 1 oktyabrdan boshlab, yagona yer solig‘i to‘lovchisi hisoblangan qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilar qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tadi. 

Davlat soliq qo‘mitasi bu barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga teng shart-sharoitlarni yaratish uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining to‘laqonli zanjirini tashkil etish maqsadida amalga oshirilayotganini aytmoqda. 

Bu tartib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27 iyundagi “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan joriy etilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, 2019 yilning 9 oyida pul aylanmasi (tushumi) 1 mlrd. so‘mdan oshgan yoki 50 gektardan ortiq qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yer maydonlariga ega bo‘lgan yagona yer solig‘i to‘lovchilari qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi hisoblanishi va belgilangan tartibda QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi talab etiladi.

Eslatib o‘tish joizki, farmonda 2019 yil 1 avgustdan qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishi mumkinligi belgilab qo‘yilgandi.

Shu bilan birga, farmonga muvofiq paxta xomashyosini ishlab chiqaruvchi xo‘jalik sub’ektlari 2019 yil hosilidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tadilar.

Bunda ularga 2018 yilning 1 oktyabridan ilgari bo‘lmagan vaqtda haqiqatda olingan va paxta xomashyosini yetishtirish uchun ishlatilgan tovarlar (ish, xizmatlar) uchun to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish huquqi beriladi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu normalarning amaliyotga joriy etilishi mamlakatimizda raqobatbardosh ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, tadbirkorlikni va sog‘lom raqobat muhitini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

QQS qishloq xo'jaligi mahsulotlari

Baholaganlar

24

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing