Endi ayrim mansabdorlar Senat tomonidan saylanadi
Jamiyat
−
08 noyabr 2023
7417O‘zbekistonda ayrim mansabdorlarning Prezident taqdimiga binoan Senat tomonidan saylash tartibi belgilandi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning kecha, 7 noyabr kuni qabul qilingan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi farmonida keltirilgan.
Farmon bilan Prezidentning 14 ta hujjatlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan, xususan:
• Sudyalar oliy kengashi raisi va a’zolarini, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorini hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan saylash tartibi ko‘zda tutildi;
• yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning davlat xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar qonun bilan belgilanishi talabidan kelib chiqib, qonunosti hujjatlardan bunday cheklovlar chiqarildi;
• mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilashda insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olinishi belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, farmonda qonunchilikni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish maqsadida mas’ul vazirlik va idoralarga bir qator topshiriqlar berilgan.
Bunda, quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratiladi:
• mulk huquqining konstitutsiyaviy kafolatlarini ta’minlash, shu jumladan, mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi haqidagi konstitutsiyaviy normadan kelib chiqib, ushbu masalalarni faqat qonunlar bilan belgilash;
• insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq cheklanishi mumkinligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy talab asosida barcha qonunosti hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish;
• davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normadan kelib chiqib, qonunosti hujjatlaridagi huquqiy ta’sir choralarini qayta ko‘rib chiqish;
• uy-joy daxlsizligi huquqini ta’minlash, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligiga oid konstitutsiyaviy normalardan kelib chiqib, qonunosti hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish;
• O‘zbekiston hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normaga muvofiq qonunosti hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish.
LiveBarchasi