Endi har yili yaxshi ishlagan “mahalla yettiligi” mukofotlanadi
Jamiyat
−
14 Oktabr 1855 3 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 14 oktyabr kuni mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida “yettilik” ish vaqtining yarmini turli majlis va tadbirlarda o‘tkazayotganini ko‘rsatib o‘tdi.
Qayd etilishicha, “yettilik” xodimlarining aniq vazifalari va KPI belgilangani bilan mahalladagi umumiy natijadorlikni baholaydigan tizim yo‘q.
Hozirda “yettilik” a’zolarining 1 ming 700 nafari mahalla hududidan 20-30 kilometr uzoqdan qatnaydi. Oqibatda o‘tgan yili 68 nafar “yettilik” vakillari biriktirilgan mahallasiga bir necha oy kelmagan. Mutasaddilarga “yettilik” faoliyatini kompleks baholaydigan tizimni ishga tushirish topshirildi.
Tuman hokimlari yil yakuniga ko‘ra, yaxshi ishlagan 10 ta “yettilik”ning barchasini mukofotlash, ularga qo‘shimcha ustamalar berishni yo‘lga qo‘yadi.
“Shunda “yettilik” hamjihat va yagona jamoa bo‘lib ishlaydi”, dedi Prezident.
Bundan buyon “yettilik” xodimlari bilan har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida yig‘ilish o‘tkazish taqiqlanishi belgilandi.
Shuningdek, mahallalar aholisi o‘zlari daraxt ekib, parvarish qilishga, yashil hududlarni ko‘paytirishga tayyor ekani ta’kidlandi. Lekin birorta hokim yoki mahalla raisi tayinli joyni ko‘rsatib bermayotgani tanqid qilindi.
Endilikda “yettilik”, mahalla aholisi yashil hudud qilish tashabbusi bilan chiqsa, tuman hokimi 10 sotixgacha yer maydoni ajratib beradi.
Hokimlar va “yettilik” buning ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi, bu yerlar boshqa maqsadlarga beriladigan bo‘lsa, qonun ustuvor, jazo muqarrar bo‘lishi haqida ogohlantirildi.
Bosh prokuraturaga boshqa maqsadlar uchun berib yuborilgan yashil hudud, sport maydonchasi, bolalar o‘yingohlarini joyiga qaytarish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. To‘rt oy ichida 20 gektar yashil hudud, 107 ta sport maydonchasi va bolalar o‘yingohi tiklandi. Davlat rahbari bunday joylarning barchasi joy-joyiga qo‘yilmaguncha ishni davom ettirish vazifasini qo‘ydi.
Shu bilan birga, ayrim mahallalar, ko‘chalar, qurilishlar atrofi, ariqlar, xiyobonlarda ozodalik talablariga rioya etilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, butun respublikada tozalik va ozodalik oyligi e’lon qilinadi. Har bir tuman va shahar hokimi ko‘chasi, yo‘li, arig‘i, xiyobonini tartibga keltirib, doimo ozoda tutishi shartligi qayd etildi.
Obodonlashtirishga mas’ul hokim o‘rinbosarlariga bugunoq 24 soat ishlaydigan brigadalar tashkil qilib, ko‘cha, xonadon, ko‘p qavatli uy, ijtimoiy ob’ektlar atrofini tozalash topshirildi. “Toza hudud” korxonalariga qarashli maxsus texnikalar ham bunga to‘liq safarbar qilinadi.
Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga chiqindi tashlaganlik uchun jarima qo‘llash vakolati berilgani qayd etilib, ularga joylarga chiqib, shahar va tuman markazlarida kunlik nazorat o‘rnatish topshirildi.