Imomali Rahmon ham Shavkat Mirziyoyevni tavallud kuni bilan qutladi
Jamiyat
−
24 iyul 1040 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 iyul kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Tojikiston yetakchisi davlat rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, do‘st O‘zbekiston xalqining orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat va yangi zafarlar tilagan.
Emomali Rahmon O‘zbekiston Prezidentining sa’y-harakatlari tufayli bugun mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo‘lidan dadil ilgarilab, xalqaro maydondagi nufuzini izchil mustahkamlab borayotganini alohida ta’kidlagan.
Suhbatda O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Shuningdek, tomonlar Tojikiston Prezidentining joriy yil 26-27 mart kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratgan.
Yetakchilar o‘zaro muloqotda mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashgan hamda bo‘lajak uchrashuvlar rejasini muhokama qilgan.
Ma’lumot uchun, bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 69 yoshga to‘ldi.
Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi.
1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatgan.
1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlangan. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan.
Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib borgan.
Shavkat Mirziyoyev 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlangan va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlangan.
U 2016, 2021 va 2023 yillarda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlarida g‘alaba qozonib, O‘zbekiston Prezidenti etib saylangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklagan edi.
Live
Barchasi