Elektromobillar akkumulyatoriga utilizatsiya yig‘imi joriy etilishi mumkin
Jamiyat
−
31 Oktabr
31482025 yildan O‘zbekistonda elektromobillar akkumulyatorlari uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etish taklif qilinmoqda. Bu haqda joriy yilning 28 oktyabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda vazir o‘rinbosari Ahadbek Haydarov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, to‘lovni tayyor mahsulotlarni import qiluvchilardan yoki mahalliy akkumulyator ishlab chiqaruvchilardan undirish rejalashtirilgan.
“Shunday qilib, yangi soliq elektromobillar egalariga, shuningdek, avtomobillarni tayyor holda olib kiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga taalluqli bo‘lmaydi”, deya ta’kidlagan Iqtisodiyot va moliya vazirligi.
Agar soliq qo‘llansa, u batareyaning quvvatiga qarab o‘zgaradi. Yengil elektromobillar uchun to‘lov 5 mingdan 10 ming so‘mgacha, elektr yuk mashinalari uchun esa 370 ming so‘mgacha bo‘ladi.
Natijada vazirlik 14 milliard so‘mga yaqin mablag‘ yig‘ishni kutmoqda. Keyinchalik olingan mablag‘larni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2024 yilning sakkiz oyi davomida O‘zbekistonga umumiy qiymati 166,8 million dollar bo‘lgan 12 ming 913 ta elektromobil import qilingan. Ulardan 10,8 million dollarlik 2471 dona elektromobil avgust oyida yetkazib berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Norvegiya avtomobilsozlik tarixida elektromobillar soni benzinli avtomobillardan oshib ketgan birinchi davlatga aylangani haqida xabar berilgandi. Ushbu mamlakatda 2024 yilning 16 sentyabr holatiga ko‘ra ro‘yxatga olingan 2,8 million yengil avtomobildan 754 ming 303 tasi elektromobil va 753 ming 905 tasi benzinli avtomobillardir. Shu bilan birga, dizel dvigatelli avtomobillar sonining kamayishi davom etmoqda. 2026 yilga kelib, mamlakatdagi elektromobillar soni dizelli avtomobillarni ham ortda qoldirishi mumkin.
LiveBarchasi