Elektr toki operatsiyadan keyingi kesmalar o‘rni bitishini 2 baravar tezlashtiradi – tadqiqot
Salomatlik
−
16 Oktabr
2246Odatda jarrohlik amaliyotidan so‘ng teridagi kesmalarning o‘rni bitishi uchun bir necha hafta va kundalik tibbiy parvarish talab etiladi. Xitoylik olimlar bu jarayonni tezlashtirish ustida ilmiy izlanish olib bordi. Tajribalar shuni ko‘rsatdiki, kuchsiz elektr toki to‘qimalarning yangilanishiga yordam beradi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, buning uchun tadqiqotchilar organizm tomonidan zararsiz ravishda so‘riladigan va biologik parchalanuvchi polimerlar hamda magniydan tarkib topgan maxsus iplarni ishlab chiqqan.
Operatsiya qilingan soha atrofidagi mushaklar va boshqa to‘qimalar harakatlanganda, chokning o‘rta qatlami tashqi qoplamaga ishqalanib, elektronlar o‘tkazadi. Hosil bo‘lgan 2,3 voltga teng elektr toki kesmaning bitishiga yordam beradi.
Bu usul jarohat o‘rni tuzalishini 50 foizga tezlashtirishi aniqlandi. Qolaversa, elektr toki dezinfeksiyalash vositalarisiz ham kesilgan joydagi bakteriyalar ko‘payishiga to‘siq bo‘ladi. Hozircha yangi texnologiya jonivorlarda tajribadan o‘tkazildi va ijobiy natijaga erishildi. Navbatdagi klinik sinovlardan so‘ng mazkur usul tibbiy amaliyotda qo‘llanilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bolalarda astigmatizm o‘z vaqtida davolanmasa, ko‘rlikka sabab bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergandi.
LiveBarchasi