Elektr ta’minotigi ogohlantirishsiz uzish tadbirkorlarga 1,6 mlrd zarar yetkazgan
Jamiyat
−
12 dekabr 2020
3031O‘zbekistonda elektr energiyasining oldindan ogohlantirilmasdan o‘chirilishi oqibatida 1 351 ta ulgurji iste’molchiga 1 mlrd. 620 mln. so‘mga teng moddiy zarar yetkazilgan. Bu haqda kecha, 11 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining videokonferensaloqa tarzida o‘tgan majlisida aytib o‘tildi.
Parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Narbayeva olib borgan majlisda Oliy Majlis Senati tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir bilan ta’minlash holati yuzasidan olib borilgan o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, 2020 yilda jami elektr energiyasi resurslari 71,1 mlrd. kVt soat, shundan ishlab chiqarish 65,9 mlrd. kVt soat import 5,2 mlrd. kVt soatni tashkil qilmoqda.
Joriy yilning oxirigacha yetkazib berilayotgan tabiiy gaz iqtisodiyot tarmoqlariga 28,4 mlrd. kub m, aholiga 11,4 mlrd. kub m, suyultirilgan gaz esa 543,4 ming tonnani tashkil qilmoqda. Qolaversa, aholiga jami 826 ming tonna ko‘mir mahsuloti yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, majlisda iste’molchilarga elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz, ko‘mir yetkazib berishda qator muammolar aniqlangani qayd etildi.
Jumladan, energiya yetkazib berish, iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha elektr energiyasi iste’molini cheklashda belgilangan talablarga amal qilinmagan.
Elektr ta’minotini cheklashda shaffoflikning mavjud emasligi, iste’molchilarning cheklov grafiklari bilan tanishtirilmasligi, aholiga va ayniqsa, tadbirkorlik sub’ektlariga jiddiy ziyon yetkazmoqda. Oldindan ogohlantirilmasdan amalga oshirilgan uzilishlar oqibatida 1 351 ta ulgurji iste’molchiga 1 mlrd. 620 mln. so‘mga teng moddiy zarar yetkazilgan.
Bundan tashqari, elektr yetkazib berish hajmlari yil sayin oshib borayotgan bo‘lishiga qaramasdan mavjud ehtiyojni qoplamasligi hamda shakllantirilgan prognoz hajmlariga nisbatan iste’molning yuqori bo‘lishi joylarda elektr energiyasining belgilangan limitini ta’minlab bera olmaslikka yoki ta’minlagan taqdirda ham amaldagi iste’mol limitga nisbatan yuqori bo‘lishiga olib kelmoqda.
Elektr energiyasi infratuzilmasini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish borasida qonunchilikda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.
Elektr energetika sohasiga so‘nggi uch yilda umumiy qiymati 26 trln. 214 mlrd. so‘m investitsiya kiritilgan bo‘lsa-da, joylarda mazkur sohaning infratuzilmasini modernizatsiya qilishga oid ko‘plab muammolar uchramoqda. Ya’ni Andijon viloyatida joriy yilda elektr uzatish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va yangi qurish ishlari bo‘yicha rejaning 38,7 foizi hamda transformator punktlari bo‘yicha rejaning 29,9 foizi, Namangan viloyatida esa transformator punktlarining rekonstruksiya qilish rejasining 13,7 foizi bajarilmagan.
Shuningdek, iste’molchilarning qarzdorlik summasining o‘sib borish tendensiyasi saqlanib qolmoqda. Xususan, iste’molchilar tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi uchun mavjud debitor qarzdorlik 2018 yilning 1 yanvar holatiga 2 trln. 290 mlrd. so‘m, 2019 yilning 1 yanvar holatiga 2 trln. 40 mlrd. so‘m, 2020 yilning noyabr holatiga esa 2 trln.400 mlrd. so‘mni tashkil qilgan.
LiveBarchasi