Elektr narxining oshishi 98 % iste’molchiga ta’sir qilmaydi – Energetika vazirligi
Jamiyat
−
05 Oktabr 2023
10791Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 1 noyabridan e’tiboran elektr energiyasi uchun “ijtimoiy norma” joriy qilinib, unga ko‘ra, elektr energiyasini belgilangan limitdan ko‘p ishlatgan xaridorlar bir necha baravar ko‘proq haq to‘lashi belgilangandi. Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev o‘zgarishni tushuntirib, to‘lov miqdoriga o‘suvchan koeffitsiyent aholi iste’molchilarining 98 foiziga mutlaqo ta’sir qilmasligini bildirdi.
Uning aytishicha, O‘zbekistondagi 7 million 589 mingdan ziyod abonentning atigi 146 mingdan ortig‘i 1000 kilovatt/soatdan ko‘p elektr energiyasi yoqadi, xolos. Ularning atigi 10 ming nafarigina oyiga 5 ming kilovatt/soatdan oshiq, bor-yo‘g‘i, 4 mingdan ortiq iste’molchi esa oyiga 10 ming kilovatt/soatdan ziyod elektr energiyasi iste’mol qiladi.
“Bizni xursand qiladigan jihati, bu yangilikni ko‘pchilik sog‘lom aql bilan to‘g‘ri qabul qilyapti va qo‘llab-quvvatlamoqda”, deydi Hasan Toshxo‘jayev.
Uning bildirishicha, tarif narxi oshayotgani yo‘q. U hali ham 295 so‘mni tashkil etadi.
“Ammo odamlarda tejamkorlik kayfiyatini kuchaytirish hamda "yashirin iqtisodiyot" unsurlariga barham berish uchun qo‘shimcha o‘suvchan koeffitsiyent qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda”, deydi vazirlik matbuot kotibi.
Toshxo‘jayevning tushuntirishicha, bunda iste’molchi bir oyda 1000 kilovatt/soatgacha elektr energiyasi sarflasa, 295 so‘mdan jami 295 ming so‘m to‘laydi. 1001 kilovatt/soatdan 5000 kilovatt/soatgacha sarflasa, 1000 kilovatt/soat uchun 295 so‘mdan 295 ming, aytaylik, 4850 kilovatt/soat yoqqan bo‘lsa, 1001 dan 4850 gacha 590 so‘mdan 2 million 271 ming 500 so‘m, jami 2 million 566 ming 500 so‘m to‘laydi.
Oldin iste’molchi buning uchun jami 1 million 430 ming 750 so‘m to‘lardi, xolos.
“Agar bir oyda 9420 kilovatt/soat ishlatsangiz-chi? Xuddi boyagidek 1000 kilovatt/soat uchun 295 ming so‘m, 1001 kilovatt/soatdan 5000 kilovatt/soatgacha 590 so‘mdan 2 million 360 ming so‘m, 5001 kilovatt/soatdan 9420 kilovatt/soatgacha 3 million 911 ming 700 so‘m, jami 6 million 566 ming 700 so‘m to‘lov qilasiz”, deya tushuntiradi Toshxo‘jayev.
Qayd etilishcha, o‘suvchan koeffitsiyentgacha bir oyda 9420 kilovatt/soat sarflagan iste’molchi bunga 2 million 778 ming 900 so‘m to‘lardi.
“Ya’ni u bir oyda 6 million 358 ming 500 so‘m shartli subsidiya olgani holda, aholining qolgan 98 foiz qismidan ko‘ra bir necha o‘n karra ko‘proq elektr energiyasini iste’mol qilardi. 1 noyabrdan keyin bunga chek qo‘yiladi”, deydi vazirlik vakili.
Bildirilishicha, xuddi shu o‘suvchan tarif 10 ming kilovatt/soatdan ziyod tok ishlatadiganlarga ham qo‘llanilmoqda. Endi kimda-kim bundan ko‘p svet yoqsa, u uchun belgilangan tarifga nisbatan 4 barobar o‘suvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi.
“Ya’ni, siz bir oyda 12 ming 400 kilovatt/soat sarflasangiz, unga quyidagicha to‘lov qilasiz. 1000 kilovatt/soatgacha – 295 so‘mdan – 295 ming so‘m. 1001 kilovatt/soatdan 5000 kilovatt/soatgacha – 590 so‘mdan – 2 million 360 ming so‘m. 5001 kilovatt/soatdan 10 ming kilovatt/soatgacha – 885 so‘mdan – 4 million 425 ming so‘m. 10 ming kilovatt/soatdan 12 ming 400 kilovatt/soatgacha – 1180 so‘mdan – 2 million 832 ming so‘m. Jami: 9 million 912 ming so‘m”, deb tushuntirgan Toshxo‘jayev.
1 noyabrgacha esa xuddi shuncha miqdorda elektr energiyasi iste’mol qilgan abonent 3 million 658 ming so‘m to‘lagan. Shu bilan birga, u davlatdan 8 million 370 ming so‘m shartli subsidiya ham olgan.
“Xullas, bu o‘suvchan koeffitsiyentlar adolatli hamda energiya tejamkor va energiya samarador yechim bo‘lmoqda”, deya xulosa qilgan Energetika vazirligi vakili.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq iqtisodchi Otabek Bakirov mazkur o‘zgarishni hukumatning elektr energiyasi tariflari borasida sevimli boylar tarafdan uzoqlashib, ijtimoiy qatlamga qayishishi deb atagandi.
LiveBarchasi