Elektr energiyasi uchun oldindan pul to‘lanadigan bo‘ladi

Jamiyat

image

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaror loyihasi joylashtirildi.

Loyihaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasidan foydalanganlik uchun hisob-kitob qilish mexanizmini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2004 yil 1 noyabrdagi 511-son qarorning 2-bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinadi:

“2. Belgilab qo‘yilsinki: barcha elektr energiyasi iste’molchilariga elektr energiyasini yetkazib berish faqat oldindan to‘lov asosida amalga oshirilishi shart;”.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018 yil 12 yanvardagi 22-son qarorining1-ilovasi 70-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinadi:

“70. Barcha iste’molchilarga (shu jumladan maishiy iste’molchilarga) yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlar, mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat’iy nazar, faqat oldindan to‘lov asosida amalga oshiriladi.

To‘lovni amalga oshirmagan iste’molchilarga nisbatan elektr tarmoqlaridan to‘liq uzish chorasi ko‘riladi.

Alohida xavfli hamda elektr energiyasining uzib qo‘yilishi texnogen va avariyali oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan, uzluksiz texnologik jarayonga ega bo‘lgan sanoat korxonalarida qarzdorlik vujudga kelgan taqdirda haq to‘lanmaganligi uchun elektr energiyasi yetkazib berilishini cheklash belgilangan tartibda elektr ta’minotining avariya bronigacha, to‘liq uzib qo‘yish esa — faqat sud qaroriga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin.

Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi hamda elektr energiyasi iste’molchisi tomonidan imzolangan texnologiya va avariya broni dalolatnomalari shartnomaning uzviy qismi hisoblanadi.”.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Suv iste’molchilari uyushmalari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 11 dekabrdagi 982-son qarorida:

a) 9-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinadi:

“uyushmalarning elektr energiyasi, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha 2019 yil 1 aprel holatiga ko‘ra qarzlarni to‘lash muddatini 2020 yil 31 dekabrga qadar uzaytirish hamda ularni 2-ilovaga muvofiq jadvalga asosan 2021 yil 31 dekabrga qadar to‘liq qoplash;”

b) 2-ilovadagi “Uyushmalarning 2019 yil 1 aprel holatiga ko‘ra elektr energiyasi uchun, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorliklari hamda ularni to‘lash muddatlari” jadvalda elektr energiyasi uchun jami qarzdorlikni to‘lash muddati 2021 yil 31 dekabrgacha deb belgilanadi.


Maqola muallifi

Teglar

elektr energiyasi

Baholaganlar

264

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing