Ekologik nosoz avtomobil haydovchilariga chora ko‘riladi
Jamiyat
−
10 aprel
3756Maxsus tadbirlar davomida ekologik nosoz deb topilgan avtotransport vositalari haydovchilariga nisbatan choralar ko‘riladi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ekologiya hamda Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida navbatdagi “Toza havo” oyligi o‘tkaziladi.
Tadbir avtotransport vositalarining ekologik holatini nazorat qilish maqsadida ikki bosqichda bo‘lib o‘tadi.
Birinchi bosqich 10 apreldan 10 maygacha, ikkinchi bosqich esa 10 avgustdan 10 sentyabrgacha tashkil etiladi (Toshkent shahrida 10 sentyabr – 10 oktyabr).
“Toza havo” oyligi davomida muntazam YPX maskanlarida, majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishda hamda ko‘chalarda harakatlanayotgan avtotransport vositalari tekshiriladi. Ekologik nosoz deb topilgan avtotransport vositalari haydovchilariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 87- (chiqindilarda ifloslantiruvchi moddalar normativdan ortiq bo‘lgan transport va boshqa harakatlanuvchi vositalar va qurilmalarni tayyorlash hamda foydalanishga chiqarish) va 125-moddalariga (transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish) muvofiq choralar ko‘riladi. Shuningdek, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga (atmosfera havosiga zararli ta’sir ko‘rsatilishini cheklash, to‘xtatib turish yoki tugatish) asosan, avtotransport vositalaridan nosozligi bartaraf etilgunga qadar foydalanish taqiqlanadi.
“Hurmatli haydovchilar! Sizdan nosoz, atmosfera havosiga me’yorida ortiq zararli tashlamalar chiqaradigan avtotransport vositalaridan foydalanmaslikni so‘raymiz!” deyiladi vazirlik xabarida.
LiveBarchasi