Ebola sabab Kanadaga kirish cheklanmoqda

Olam

image

Kanada rasmiylari Ebola virusi tarqalgan hududlardan mamlakatga boruvchi sayyohlar 21 kun davomida o‘z-o‘zini izolyatsiya qilishi shartligini e’lon qildi. Shuningdek, hukumat Kongo, Janubiy Sudan va Ugandadan ichki migratsiya bo‘yicha topshirilgan arizalarni ko‘rib chiqishni 90 kunga to‘xtatib turadi. Bu haqda AP xabar berdi.

Kanada Jamoat salomatligi agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu choralar “yuqori darajadagi ehtiyotkorlik nuqtai nazaridan” joriy etilmoqda va joriy yilning 29 avgustiga qadar amal qiladi. Kasallik belgilari bo‘lgan sayyohlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun shifoxonalarga joylashtiriladi.

Joriy yilning 22 may kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Ebola bezgagi xavfi darajasini milliy miqyosda “o‘ta yuqori”, mintaqaviy darajada esa “yuqori” deb baholagandi. Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, global miqyosda xavf darajasi hozircha “past” bo‘lib turibdi.

24 may holatiga ko‘ra, Ebola bilan kasallanganlar soni 900 kishiga yetgan. JSST baholashicha, 220 dan ortiq bemor vafot etgan.

Kanada Sog‘liqni saqlash vazirligining ta’kidlashicha, bu choralar “Ebola kasalligining jiddiyligi va dunyodagi vaziyat, jumladan, futbol bo‘yicha Jahon chempionati” inobatga olingan holda qabul qilinmoqda.

Ma’lumot uchun, futbol bo‘yicha JCH-2026 uchta mamlakatda: AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. O‘yinlarga jami 16 ta shahar mezbonlik qiladi. Turnir 2026 yilning iyun-avgust oylariga rejalashtirilgan bo‘lib, hal qiluvchi final uchrashuvi 19 iyulga belgilangan.

Ebolaning tarixdagi eng halokatli avj olishi 2014–2016 yillarda G‘arbiy Afrikada kuzatilgan edi. O‘shanda 11 ming 300 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, kasallikni yuqtirganlar soni esa 28 ming 600 dan oshib ketgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

virus Kanada Ebola

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing