Dushanbaning gapi seshanbaga to‘g‘ri kelmayapti. Talabalar hukumat uchun hech kimmi?
Jamiyat
−
03 fevral 2022
32247Xabaringiz bor, joriy yilning 7 fevralidan maktab, kollej-texnikum va oliy ta’lim muassasalarida an’anaviy ta’lim qayta boshlanishi e’lon qilindi.
Ammo bu kutilmagan qaror talabalarning shart-sharoitini inobatga olmasdan qabul qilingani haqida turli murojaatlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining an’anaviy ta’limga qaytish bo‘yicha qaroriga odamlar qanday munosabatda ekanini bilish uchun o‘quvchilar orasida so‘rovnoma o‘tkazdi.
Yarim kun davomida 6 ming respondent ishtirok etgan so‘rovnomada “Ta’lim jarayonlari 7 fevraldan oflayn tarzda boshlanishiga sizning fikringiz qanday?” degan savol berilgan.
Respondentlar quyidagicha javob bergan:
• 43 foizi an’anaviy ta’limga qaytishni qo‘llab-quvvatlagan;
• 45 foizi bu qarorni salbiy baholagan;
• 12 foiz respondentlar uchun bu qaror ahamiyatsiz.
Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoqlarda talabalar va ularning ota-onalarining hukumat javob berishi kerak bo‘lgan asosli savollari tarqalmoqda. Xususan, talabalar ijara muammosi avj olishini, o‘tgan safar onlayn ta’limdan oflaynga qaytilganda kvartira topilmaganini va sarson bo‘lishganini aytmoqda.
Ba’zi ota-onalar esa farzandi ijaraga uy topmaguncha o‘qish joyiga yubormasligini aytmoqda.
O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining kutilmagan qarori talabalarni murakkab vaziyatda qoldirgani shubhasiz. Ammo hozircha hech bir jo‘yali tushuntirish berilmadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa koronavirus tarqalishi kamaygani uchun shunday qarorga kelinganini aytmoqda. Demak, epidemiologik vaziyat keskinlashsa, talabalar yana uyga "haydalishi" ham hech gap emas.
OTMlarda esa ayni sessiya pallasi edi. Endi kvartira topa olmay uyida qolib ketgan talabalar imtihonlarni qanday topshirishi ham mavhumligicha qolmoqda.
Alohida qayd etish kerakki, Respublika maxsus komissiyasi birinchi marta shu tarzda qaror qabul qilib, keyin aynib qolishi bilan bog‘liq holat birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Komissiya eskpress-test, dezinfeksiya tonnellari borasida ham avval aytib, so‘ng qaytishi bilan tilga tushgandi.
LiveBarchasi