Durovning Fransiyadagi hibs muddati uzaytirildi

Olam

image

Fransiya sud organlari 25 avgust kuni 39 yoshli Telegram asoschisi Pavel Durovni hibsda saqlash muddatini yana 48 soatga uzaytirdi. Bu haqda tergovga yaqin manbaga tayanib, AFP xabar berdi.

Durov 24 avgust kuni kechqurun Le Burje aeroportida qo‘lga olingan. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, so‘roq uchun hibsga olishning dastlabki muddati maksimal 96 soatgacha davom etishi mumkin. Bu vaqt ichida Durov ayblanishi yoki ozod etilishi kerak.

"Le Provans"ning yozishicha, Milliy politsiyaning Voyaga etmaganlar boshqarmasi (OFMIN) Durovni hibsga olish uchun order bergan va tergov jandarmeriya milliy kiber bo‘limi va firibgarlikka qarshi kurash milliy byurosiga topshirilgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, order gumon qilinayotgan jinoyatlar, jumladan, firibgarlik, narkotik moddalar savdosi, kiberbulling, uyushgan jinoyatchilik, bolalarga qarshi jinoyatlar va terrorizmni targ‘ib qilish bo‘yicha dastlabki tergov doirasida berilgan.

Durov o‘z platformasidan jinoiy foydalanishni bostirish choralarini ko‘rmaganlikda ayblanmoqda.

Fransiya rasmiylari va huquq-tartibot idoralari haligacha Durovning hibsga olinishiga izoh bermagan. Parij prokuraturasi TASS so‘roviga javoban to‘liq matbuot bayonoti bugun, 26 avgust kuni e’lon qilinishini ma’lum qilgan.

Telegram jamoasi Durov hibsga olinganidan bir kun o‘tib e’lon qilingan sharhida “uning yashiradigan hech narsasi yo‘q” va “u tez-tez Yevropa bo‘ylab sayohat qiladi” va platformaning o‘zi Yevropa Ittifoqi qonunlariga mos kelishini ta’kidladi. Telegram vakillarining so‘zlariga ko‘ra, “moderatsiya sanoat standartlariga mos keladi”.

“Ushbu platformani suiiste’mol qilish uchun platforma yoki uning egasi javobgar, deb da’vo qilish bema’nilikdir”, deydi Telegram.

Rossiyaning Parijdagi elchixonasi Durov bilan ko‘rishishni talab qilgan, biroq hech qanday javob olmagan va Fransiyani hamkorlik qilmayotganlikda ayblagan.

"Durov ham Fransiya fuqaroligiga ega bo‘lganligi sababli, Fransiya buni o‘zining asosiy fuqaroligi deb biladi", deydi Rossiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Pavel Durov Telegram

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing