Dunyodagi uchinchi eng kichik davlat nomini o‘zgartirdi
Olam
−
10:38 4602 2 daqiqa
Tinch okeanida joylashgan va dunyodagi aholisi eng kam davlatlardan biri hisoblangan Nauru davlati rasmiy ravishda o‘z nomini Naoyero Respublikasi deb o‘zgartirdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi nom mamlakatning mahalliy tilidagi tarixiy nomi va to‘g‘ri talaffuziga moslashtirilgan. Endilikda davlatning xalqaro kodi NRU o‘rniga NRO bo‘ladi. Shuningdek, mamlakat fuqarolari “naurulik” emas, balki dey-Naoyero deb ataladi.
Prezident Devid Adeangning ta’kidlashicha, nom o‘zgarishi mamlakatning tarixiy merosi, tili va milliy o‘zligini yanada to‘liq aks ettirishga xizmat qiladi. U bu tashabbusni yil boshida parlamentga taqdim etgan va konstitutsiyaga tegishli o‘zgartirishlar deputatlar tomonidan ikki bosqichli ovoz berish orqali ma’qullangan.
Hukumat bayonotiga ko‘ra, “Nauru” nomi xalqaro miqyosda xorijliklarga qulay bo‘lishi uchun qo‘llanilgan bo‘lsa, “Naoyero” mamlakatning asl va an’anaviy nomi hisoblanadi. 12 mingga yaqin aholiga ega Naoyero aholisi soni bo‘yicha dunyoda Vatikan va Tuvaludan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Mamlakat 1968 yilda mustaqillikka erishgan. Bir vaqtlar fosfat qazib olish hisobiga katta daromad topgan davlat keyinchalik iqtisodiy inqirozga yuz tutgan.
Hozirda Naoyero iqlim o‘zgarishi oqibatida dengiz sathining ko‘tarilishi xavfi ostida qolayotgan davlatlardan biri sanaladi. Shu sabab hukumat infratuzilmani himoya qilish va aholini xavfsiz hududlarga ko‘chirish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Rasmiylarga ko‘ra, nomning o‘zgartirilishi mamlakat uchun “milliy g‘ururning yangi bosqichi”ni boshlab beradi. Hukumat allaqachon boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan yangi nomni rasman tan olishni so‘ragan.
Ma’lum bo‘lishicha, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, shuningdek Avstraliya, Yangi Zelandiya hamda mintaqadagi AQSH va Xitoyning diplomatik vakolatxonalari o‘z rasmiy resurslarida mamlakat nomini Naoyero sifatida qayd etishni boshlagan.
Ma’lumot uchun, mazkur jarayon joriy yilning 29 yanvar kuni Prezident Devid Adeang tomonidan mamlakat nomini o‘zgartirish bo‘yicha konstitutsiyaviy tuzatish parlamentga kiritilishi bilan boshlangan. 12 may kuni esa parlament ushbu o‘zgarishni ma’qullaib, iyun oyida Nauru hukumati yangi nomni xalqaro darajada tan olish uchun BMTga murojaat qilgan. Shundan so‘ng Naoyero nomi BMTning rasmiy ma’lumotlarida aks ettirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro gimnastika federatsiyasi (FIG) o‘z nomini rasmiy ravishda o‘zgartirib, endilikda federatsiya Jahon gimnastikasi nomi ostida faoliyat yuritishini e’lon qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi