Dunyoda millionerlar shiddat bilan ko‘paymoqda – hisobot
Bu qiziq
−
30 iyun 2148 3 daqiqa
Boylar boyishda davom etmoqda. 2025 yilda dunyoda qariyb 1 million nafar yangi dollardagi millioner paydo bo‘ldi – bu kuniga o‘rtacha 2,6 ming nafar demakdir. Bu haqda Shveysariyaning UBS banki tomonidan e’lon qilingan yangi “Global boylik hisoboti”da keltirilgan.
O‘tgan yili sayyoradagi jami shaxsiy boylik hajmi 10,8 foizga oshgan va bu ko‘rsatkich 2024 yildagi 4,6 foiz hamda 2023 yildagi 4,2 foizlik o‘sishga nisbatan sezilarli darajada tezlashgan. UBS tadqiqotiga ko‘ra, bunday keskin o‘sishning asosiy drayverlaridan biri moliyaviy bozorlardagi narxlarning tez sur’atlarda ko‘tarilishi bo‘lgan.
2025 yilda dunyoda har qachongidan ko‘ra ko‘proq millionerlar paydo bo‘lgan. Ularning umumiy soni 1,5 foizga o‘sib, har kuni 2680 nafarga ko‘paygan. Ushbu o‘sishning qariyb yarmi Amerika Qo‘shma Shtatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan va u yerda yetti xonali kapital egalari safi 441 000 dan ortiq kishiga kengaygan.
“Oddiy millionerlar” (Everyday millionaires) toifasidan farqli o‘laroq, butun dunyo bo‘ylab eng badavlat guruhlarning (boyligi 5 million dollardan yuqori bo‘lganlar) soni va kapitali mo‘’tadilroq – yiliga o‘rtacha 7-8 foizga o‘sgan. Biroq ayrim mamlakatlarda ikki xonali o‘sish sur’atlari qayd etilgan. Bu borada mutlaq yetakchi materik Xitoyi bo‘lgan, u yerda 50 million dollardan 100 million dollargacha bo‘lgan segmentda kapitalning yillik o‘rtacha o‘sish sur’ati 31 foizga yaqinlashgan. Barcha uchta guruhda ($5–10 mln, $10–50 mln va $50–100 mln) barqaror ikki xonali ko‘rsatkichlarni namoyish etgan Avstraliya ikkinchi o‘rinni egallagan. AQSHda esa ushbu toifalardagi temp jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan birozgina yaxshiroq bo‘lgan, xolos. Birlashgan Arab Amirliklarida boyligi 10 million dollardan ortiq bo‘lgan millionerlar soni 10 foizdan ko‘proqqa, 50–100 million dollarlik segmentda esa deyarli 12 foizga oshgan.
Yevropa mintaqasida boylikning AQSH valyutasidagi o‘sishi nomutanosib ravishda tez bo‘lgan. UBS ekspertlari bu dinamikani asosan o‘tgan yili dollar kursining yevroga nisbatan tushib ketgani bilan izohlagan.
Shu bilan birga, dunyoda o‘rtacha farovonlik ko‘rsatkichi oshgani fonida, 2020 yildan buyon tengsizlik yanada chuqurlashgan. Shkalanning o‘rtasidagi asl holatni aniqroq aks ettiruvchi mediana boylik qiymatlari ko‘plab davlatlarda pasaygan. Bu esa eng badavlat fuqarolar va qolgan aholi o‘rtasidagi farqning kattalashib borayotganini ko‘rsatadi.
Hisobotda turli mamlakatlardagi investitsiya qilish madaniyatining farqlari ham kuzatiladi. Masalan, Shvetsiya, Isroil va Tayvanda yalpi boylikning 80 foizdan ortig‘i moliyaviy aktivlarga to‘g‘ri keladi. Bu hatto dunyodagi eng yirik fond bozoriga ega AQSHdagi ko‘rsatkichdan ham (79 foiz) yuqoridir. Buning qarama-qarshi qutbida esa Turkiya va Hindiston joylashgan bo‘lib, u yerda moliyaviy vositalar ulushi mos ravishda atigi 20 foizdan kam va 26 foizga yaqinni tashkil etadi. Bu davlatlarda investorlarning shaxsiy kapitali an’anaviy tarzda ko‘chmas mulk va boshqa nomoliyaviy aktivlarga yo‘naltiriladi.
Badavlat investorlar 2025 yilda o‘zlarining umumiy portfelining o‘rtacha 20 foizini san’at asarlarida saqlab turgan. UBS ekspertlari geosiyosiy shoklarga qaramay, bu ko‘rsatkich oxirgi olti yil davomida barqaror qolayotganini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, art-ob’ektlarga (san’at namunalariga) investitsiya kiritish ulushi investor kapitalining umumiy hajmi o‘sishi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri oshib boradi.
Hisobot uchun berilgan maxsus intervyuda iqtisodiyot bo‘yicha 2025 yilgi Nobel mukofoti laureati Joel Mokir davlatlarning uzoq muddatli farovonligini ta’minlovchi bosh omil jismoniy kapital emas, balki inson salohiyatini rivojlantirish va ilmiy ko‘nikmalarni (STEM) jamlash ekanini qayd etgan. Uning fikricha, iqtisodiy samaradorlik jihatidan sun’iy intellektni (SI) ortda qoldirishga qodir kelajak texnologiyalari termoyadroviy sintez, tibbiyotdagi matritsali RNK texnologiyalari (mRNA texnologiyalari) hamda yoshartirish va umrni uzaytirish texnologiyalari bo‘ladi.
Live
Barchasi