Dunyoda koronavirusga chalinish bo‘yicha antirekord o‘rnatildi. Yevropada ikkinchi to‘lqin boshlandi
Olam
−
14 Sentabr 2020
12426Dunyoda bir sutkada qariyb 308 ming odam koronavirusga chalindi. Bu pandemiya boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkich degani, deb xabar bermoqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti.
Dunyoda 307 930 ta koronavirus bilan zararlanish holati qayd etilgan. Avvalgi antirekord 6 sentyabr kuni 306 857 nafar bemor aniqlanganda o‘rnatilgandi.
JSST ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda jami 28 637 952 kishi koronavirusga chalingan. 917 417 nafar bemor vafot etgan.
JSSTning ta’kidlashicha, kasallanishning katta qismi Shimoliy va Janubiy Amerika hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu yerda jami 14,7 million kasallanish qayd etilgan. Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida 5,4 mln, Yevropada 4,8 mln odam koronavirusga chalingan.
Yevropa davlatlarida kunlik kasallanish soni oshib boryapti. Avstriya va Chexiya mamlakatda rasman koronavirusning ikkinchi to‘lqini boshlanganini ma’lum qildi.
Avstriyada bundan ikki hafta avval kuniga 350 ta atrofida kasallanish qayd etilgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 850 dan oshgan. Tez orada mingdan oshishi taxmin qilinyapti.
Chexiyada koronavirusga chalinganlar soni 35 mingdan ko‘proqni, undan vafot etganlar soni 456 nafarni tashkil qilmoqda. So‘nggi sutkada kasallanganlar soni 1541 nafarga oshgan. Avstriyada koronavirusdan kasallanish holatlari 33 mingdan ko‘proqni, undan vafot etganlar soni 756 nafarni tashkil qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, JSST 11 mart kuni koronavirus infeksiyas tarqalishini pandemiya deb e’lon qilgandi.
LiveBarchasi