Dunyoda xalqaro sayyohlar soni 4 foizga oshdi

Bu qiziq

image

O‘tgan yili dunyo bo‘yicha 1,52 milliard nafar xalqaro sayyoh qayd etilgan. Bu 2024 yilga nisbatan qariyb 60 million kishiga yoki 4 foizga ko‘p degani. Bu haqda BMT hisobotida keltirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkichlar pandemiyagacha bo‘lgan o‘sish tendensiyalariga qaytishni aks ettiradi. Natijalarga yuqori talab, yirik bozorlardagi barqaror dinamika hamda Osiyo va Tinch okeani mintaqasida sayyohlar oqimining tiklanishi sabab bo‘lgan. Aviqatnovlar va viza xizmatlarining kengaytirilishi ham 2025 yilda xalqaro sayohatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

BMT Jahon turizm tashkiloti bosh kotibi Shayx al-Nuvaysning bildirishicha, turizm xizmatlari sohasida inflyatsiya yuqori bo‘lishiga va geosiyosiy keskinlik tufayli noaniqlik saqlanib qolishiga qaramay, yil davomida sayohatlarga bo‘lgan talab yuqori darajada qolgan.

O‘tgan yil bo‘yicha 12 oylik ma’lumotlarni taqdim etgan ayrim davlatlarda xalqaro sayyohlar soni ikki xonali o‘sishni ko‘rsatgan. Yetakchi davlatlar qatorida Braziliya (37 foiz), Misr (20 foiz), Marokash (14 foiz) va Seyshel orollari (13 foiz) qayd etilgan.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yilda turizmdan olingan daromad rekord darajadagi 2,2 trillion dollarga yetgan.

Prognozlarga ko‘ra, 2026 yilda xalqaro turizm 2025 yilga nisbatan 3–4 foizga o‘sadi. Bu Osiyo va Tinch okeani mintaqasida tiklanish jarayoni davom etishi, global iqtisodiy sharoitlar qulay holda qolishi va geosiyosiy mojarolar kuchaymasligi sharti bilan bog‘liq. Ayni paytda mavjud geosiyosiy keskinlik va mojarolar tufayli yuzaga kelayotgan noaniqliklar joriy yilda turizm uchun xavflarni oshirmoqda.

Shu bilan birga, Italiyada bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlari hamda futbol bo‘yicha Jahon chempionati (Kanada, AQSH va Meksika) kabi yirik xalqaro tadbirlar xalqaro sayohatlar hajmining oshishiga o‘z hissasini qo‘shadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilning 11 oyida O‘zbekistonga 10,7 million nafardan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

turist xalqaro sayyoh turizmi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing