Dunyoda 2024 yilda qizamiqdan qancha odam o‘lgani aytildi
Bu qiziq
−
01 dekabr 2025 1708 2 daqiqa
2024 yilda qizamiqdan dunyo bo‘yicha taxminan 95 ming kishi, asosan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar vafot etgan. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti xabar berdi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bu so‘nggi o‘n yilliklardagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lsa-da, arzon va samarali vaksina yordamida oldini olish mumkin bo‘lgan kasallikdan har bir o‘lim katta fojia. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) yangi hisobotiga ko‘ra, global emlash choralari 2000-2024 yillar oralig‘ida qizamiqdan o‘limni 88 foizga kamaytirgan. Vaksinalar tufayli qariyb 59 million insonning hayoti saqlab qolingan.
Shunga qaramay, o‘lim holatlaridagi sezilarli kamayishga qaramasdan, kasallik tarqalishda davom etmoqda. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha qizamiq bilan kasallanish holatlari keskin oshgan: o‘tgan yilda qariyb 11 million holat qayd etilgan. Bu pandemiyagacha bo‘lgan 2019 yilga nisbatan 800 mingtaga ko‘p.
2024 yilda dunyo bolalarining 84 foizi birinchi doza, 76 foizi esa ikkinchi doza vaksinani olgan. Biroq virus tarqalishini to‘xtatish uchun kamida 95 foizlik ikki doza qamrovi zarur. 30 milliondan ortiq bola emlanmagan, ularning to‘rtdan uch qismi Afrika va Sharqiy O‘rtayer dengizi mintaqalarida yashaydi.
Qizamiq avj olishi 59 mamlakatda qayd etilgan. Bu 2021 yildagidan deyarli uch baravar ko‘p. “Qizamiqdan xoli” maqomiga ega davlatlar soni 96 ta. Ammo rivojlangan mamlakatlarda ham emlash darajasi 95 foizlik chegaradan pastlaganda kasallik qayta paydo bo‘lishi mumkin. JSST hukumatlarni barcha bolalarni ikki doza vaksinaga to‘liq qamrab olish va epidemiologik kuzatuv tizimlarini mustahkamlash uchun barqaror investitsiyalar kiritishga chaqirmoqda. 2025 yilning to‘qqiz oyi davomida Qirg‘izistonda 8,9 ming tasdiqlangan qizamiq holati qayd etilgan, ulardan 10 tasi o‘lim bilan yakunlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyo miqyosida qasddan sodir etilgan barcha qotilliklarning taxminan 22 foizi jinoiy guruhlar faoliyati bilan bog‘liqligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi