Dunyo yetakchilari Turkiyaga hamdardlik bildirmoqda
Olam
−
24 Oktabr
31725Anqara yaqinidagi teraktdan so‘ng dunyo yetakchilari Turkiyaga hamdardlik bildirmoqda. Bu haqda ularning o‘zlari va matbuot xizmatlari ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarda e’lon qilmoqda.
Xususan, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga hamdardlik telegrammasi yo‘lladi. Oqo‘rda xabariga ko‘ra, To‘qayev Turkiya rahbariga “TUSAŞ” aerokosmik korporatsiyasi binosida odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan terakt munosabati bilan hamdardlik bildirgan.
“Men fojia haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildim. Qozog‘iston tinch aholiga qarshi qaratilgan bu g‘ayriinsoniy harakatni keskin qoralaydi. Ushbu og‘ir damda, o‘rnini o‘nglab bo‘lmas yo‘qotishning achchiq-chuchugini qurbonlarning oila a’zolari bilan baham ko‘rgan holda, sizga va butun turk xalqiga samimiy hamdardlik bildiraman. Jabrlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilayman”, deyiladi telegrammada.
NATO Bosh kotibi Mark Ryutte ham teraktni qoraladi.
“Anqarada halok bo‘lganlar va yaralanganlar haqidagi xabarlar chuqur tashvish uyg‘otmoqda. NATO sifatida ittifoqdoshimiz Turkiyaning yonidamiz. Biz terrorizmning har qanday ko‘rinishini keskin qoralaymiz va voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib boramiz”, deb yozdi u X’dagi postida.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ham turk xalqi va hukumati bilan birdamlikda ekanini bildirdi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham Qozondagi BRICS sammiti doirasida Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuvi oldidan hamdardlik bildirdi.
“Anqaradagi terror hujumini qoralayman. Turkiyaga hamdardlik bildiraman”, dedi Putin.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 oktyabr kuni Turkiyaning Anqara shahridan 40 kilometr shimoldagi Qahramonkazan tumanida joylashgan harbiy samolyotlar va kosmik texnika ishlab chiqaruvchi “TUSAŞ” korporatsiyasi binosi yaqinida terakt sodir bo‘lgandi. Terrorchilar Turk aerokosmik sanoati (TAI) ob’ektlariga hujum uyushtirgan. Teraktdan so‘ng voqea joyiga tez tibbiy yordam, o‘t o‘chirish va xavfsizlik guruhi yetib borgan.
Bugun, 24 oktyabr kuni Turkiya Ichki ishlar vaziri terakt qurbonlari soni 5 kishiga yetgani, jarohatlanganlar soni 22 kishini tashkil qilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumga mamlakatda faoliyati taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi terror tashkiloti aloqador bo‘lishi mumkin. Ichki ishlar vazirligi rahbarining aytishicha, terrorchilarning shaxsi va ularning har qanday tashkilotga aloqadorligi haqidagi ma’lumotlar shaxsni aniqlash ishlari yakunlanganidan keyin ommaga e’lon qilinadi.
LiveBarchasi