Dunyo “Tolibon”ning Afg‘onistondagi g‘alabasiga qanday munosabat bildirmoqda?
Tahlil
−
16 avgust 2021
27734Kecha, 15 avgust kuni “Tolibon” harakati Afg‘onistonning barcha hududini egalladi va amalda o‘z hokimiyatini o‘rnatdi. Bu AQSH mamlakatdagi qo‘shinlarini olib chiqib ketishni boshlaganidan bir necha oy o‘tib sodir bo‘ldi. G‘arb davlatlari Qobuldagi diplomatlarini evakuatsiya qilishni boshladi. Dunyo “Tolibon” Afg‘onistonda yana bir bor hokimiyatni egallashiga guvoh bo‘ldi va unga o‘z munosabatini bildirmoqda.
Afg‘oniston
Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani iste’foga chiqib, mamlakatdan qochib ketdi. U qayerdaligi hamon noma’lum.
Afg‘onistonning sobiq Prezidenti Hamid Karzay oilasi bilan mamlakatda qolishini e’lon qildi. Shuningdek, u mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirdi.
“Hurmatli Qobul aholisi! Men oilam, qizlarim, bolalarim bilan birga siz bilan qolmoqchiman va umid qilamanki, mamlakatimiz, poytaxtimiz masalalari tinch, muzokaralar yo‘li bilan hal qilinadi. Biz Afg‘oniston muammosini “Tolibon” rahbarlari bilan tinchlik yo‘li bilan, birodarlik va vatanparvarlik asosida hal qilishga harakat qilyapmiz”, degan Karzay.
Afg‘oniston Mudofaa vaziri Bismilla Muhammad Qobul aholisini xavfsizlikda ekaniga ishontirishga uringan.
“Sizni ishontirib aytamanki, Kobul xavfsizligi ta’minlangan. Xalqaro kuchlar Afg‘oniston xavfsizlik va mudofaa kuchlari bilan hamkorlik qilishga tayyor”, degan Mudofaa vaziri.
AQSH
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Tolibon hujumi kutilganidan ham tezroq sodir bo‘lganini tan oldi. Ammo u Amerika harbiy kontingentini Afg‘onistondan chiqarish qarori to‘g‘ri bo‘lganini takrorladi. Endilikda Vashingtonning birinchi darajali maqsadi amerikaliklarni Afg‘onistondan eson-omon olib ketish.
“Biz “Tolibon”dan hech narsa so‘ramadik. Biz “Tolibon” agar ular bu jarayonga aralashsa, tez va qat’iy javob qaytaramiz”, degan Blinken.
Pokiston
Pokiston Tashqi ishlar vazirligi kecha, 15 avgust kuni Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib borayotganini va mamlakatdagi barcha partiyalar bu ichki siyosiy inqirozni birgalikda hal qila olishiga umid bildirdi.
"Pokistonning Qobuldagi elchixonasi pokistonliklar, afg‘on fuqarolari, diplomatik va xalqaro hamjamiyatga konsullik ishi va Pakistan International Airlines reyslarini muvofiqlashtirishda zarur yordam beradi", deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, Pokiston hukumati vakillari ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘onistonda hukumat almashganidan xursand bo‘lishlarini yashirmadi.
Germaniya
Germaniy Tashqi ishlar vaziri Xayko Maasning ma’lum qilishicha, mamlakat Qobuldagi elchixonasini Hamid Karzay aeroportiga ko‘chirgan va o‘z xodimlarini evakuatsiya qilish uchun shoshilinch choralar ko‘rmoqda. Joriy yil 20 avgust kuni mamlakat elchixona xodimlarini deyarli to‘liq evakuatsiya qilib bo‘ladi.
Buyuk Britaniya
Buyuk Britaniya ham Qobuldagi diplomatik missiyasi xodimlarini sezilarli darajada qisqartirishi haqida e’lon qildi. Britaniya Mudofaa vazirligi 1 avgust kuni Afg‘onistonga evakuatsiya qilishga yordam berish uchun 600 ga yaqin askar yuborishini ma’lum qildi. Shuningdek, allaqachon 3300 dan ortiq afg‘onistondagi xodimlari va ularning oilalari olib kelingan.
Britaniya parlamenti Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilish uchun zudlik bilan ta’tildan qaytadigan bo‘ldi, dedi yakshanba kuni CNN telekanaliga Jamoalar palatasi rahbari Jeykob Ris-Mogg.
Kanada
Kanada xavfsizlik nuqtai nazaridan Qobuldagi elchixonasining faoliyatini to‘xtatdi. Tashqi ishlar, immigratsiya va mudofaa vazirlari diplomatik korpus xodimlarining xavfsizligini birinchi o‘ringa qo‘yishini aytib, ular mamlakatga sog‘-salomat qaytayotganini ma’lum qildi.
“Bugun afg‘on xalqining ahvolidan ko‘nglimiz to‘q. Ayniqsa, Afg‘oniston kelajagiga ishongan va ishonishda davom etayotgan kanadaliklarning qurbonliklarini hisobga olgan holda juda muhim. Bu sa’y-harakatlar behuda ketmasligi uchun biz ittifoqchilar va xalqaro hamjamiyat bilan ishlashda davom etamiz”, deydi Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo.
Fransiya
Fransiya hukumati mamlakat elchixonasini Qobul aeroportiga ko‘chirishga qaror qildi.
“Fransiya xavf ostida qolgan afg‘on fuqarolik jamiyatini, aktyorlar, huquq himoyachilari, san’atkorlar va jurnalistlarni himoya qilishda davom etadi. Hozirda Qobul aeroportidan viza berish imkoniyatini saqlab qolish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Mamlakatimiz erkinlikni himoya qiladigan har bir kishini qo‘llab-quvvatlaydi”, dedi Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian.
Rossiya
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat Qobuldagi diplomatlarni evakuatsiya qilish niyatida emas. Elchilar avvalgidek ishlashda davom etadi, chunki “Tolibon” vakillari ularga xavfsizlikni kafolatlagan.
Rossiyaning Qobuldagi elchixonasi shahardagi vaziyat keskin, lekin diplomatik missiya uchun hech qanday xavf yo‘qligini ta’kidladi. Prezident Vladimir Putin zudlik bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga telefon qilib, Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishini “puxta” muhokama qildi.
Shuningdek, Moskva hali “Tolibon”ni Afg‘onistondagi hokimiyati qonuniyligini tan olmoqchi emas.
Vatikan
Rim Papasi Fransisk yakshanba ibodati paytida ziddiyatni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirdi.
“Men Afg‘onistondagi vaziyatdan xavotirdaman. Sizdan qurol shovqinini to‘xtatish va muzokaralar stolida yechim topish uchun ibodat qilishingizni so‘rayman. Faqat shu yo‘l bilan bu mamlakatning zarar ko‘rgan aholisi – keksalar, ayollar va bolalar o‘z uylariga qaytishlari, tinch va xavfsiz hayot kechirishlari mumkin”, dedi Frensis.
LiveBarchasi