Dunyo “Tolibon”dan buni kutmagan edi – BMT
Olam
−
28 dekabr 2022
20224Afg‘onistonda ayollarning ta’lim olishiga qo‘yilgan cheklovlar, shuningdek, nodavlat tashkilotlarda ishlashni taqiqlash xalqaro hamjamiyatning “Tolibon” harakatidan kutganlariga ziddir. Bu kecha, 27 dekabr kuni qabul qilingan BMT Xavfsizlik kengashi bayonotida aytiladi.
“Xavfsizlik Kengashi “Tolibon” ayollar va qizlarning universitetlarga kirishini to‘xtatgani haqidagi xabarlardan qattiq xavotirda. Xavfsizlik Kengashi oltinchi sinfdan keyin qizlarning maktabda o‘qishi to‘xtatilganidan chuqur xavotirda ekanligini yana bir bor ta’kidlaydi va to‘liq, teng va mazmunli ishtirok etishga, Afg‘oniston hayotidagi ayollar va qizlarning o‘rni va “Tolibon”ni maktablarni qayta ochishga, inson huquqlari va asosiy erkinliklariga bo‘lgan hurmatni tobora barbod qilayotgan siyosat va amaliyotlarni tezda o‘zgartirishga chaqiradi”, deyiladi bayonotda.
BMT Xavfsizlik Kengashi, shuningdek, afg‘on ayollarining nodavlat va xalqaro tashkilotlarda ishlashi taqiqlanganidan xavotir bildirdi.
“Ushbu cheklovlar “Tolibon” harakatining Afg‘oniston xalqi oldidagi majburiyatlariga, shuningdek, xalqaro hamjamiyatning kutganlariga ziddir”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 dekabr kuni “Tolibon” harakati mamlakat universitetlaridan talaba qizlar uchun darslarni keyingi ogohlantirishgacha to‘xtatishni talab qildi. Buning ortidan AQSH ma’muriyati o‘z ittifoqchilari bilan birgalikda Afg‘onistondagi oliy o‘quv yurtlarida qizlarning o‘qishi to‘xtatilgani munosabati bilan “Tolibon” harakatiga qarshi chora ko‘rishni rejalashtirayotgani ma’lum qilindi.
"Tolibon"ga ko‘ra, bunday qarorga “[universitet] yotoqxonalarida ayollarning bo‘lishi va ularning viloyatlardan [o‘qish uchun] erkaklar hamrohligisiz kelishi, talaba qizlarning hijob o‘rash qoidalariga rioya qilmasligi, erkak va ayolning birgalikda o‘qishi, ba’zi fakultetlarda qizlarning o‘qitilishi islom qonunlariga zid va afg‘onlarning g‘ururiga putur yetkazishi sabab bo‘lgan.
LiveBarchasi