Dunyo tajribasi: Yirik shaharlarda havoning ifloslanishi qanday bartaraf etildi?
Foydali
−
25 yanvar
10462Ifloslangan havo har yili o‘rtacha hisobda 7 million kishining erta o‘limiga sabab bo‘layotgan bizning davrimizda, bu eng jiddiy ekologik falokatdir. Hozirda dunyo bo‘ylab har 10 kishidan to‘qqiztasi ifloslangan havodan nafas olmoqda, bu esa astma, yurak xastaligi va o‘pka saratoni kabi kasalliklar xavfini oshiryapti.
Havo ifloslanishidan o‘limning 90 foizdan ortig‘i past va o‘rta daromadli mamlakatlarda, asosan, Afrika va Osiyo davlatlarida sodir bo‘ladi. Shahar aholisi, ayniqsa kambag‘al qatlam, havoning ifloslanishidan eng ko‘p aziyat chekadi. Ushbu xavf-xatarni anglagan holda, dunyoning bir nechta shaharlari havodagi ifloslantiruvchi moddalarga qarshi kurashmoqda. QALAMPIR.UZ BMT ma’lumotlari asosida ifloslangan atmosfera havosini yaxshilashga erishgan shaharlar ro‘yxatini tuzdi.
Bogota, Kolumbiya
Kolumbiyaning Bogota shahri ifloslangan atmosferani yaxshilash bo‘yicha Lotin Amerikasida yetakchilik qilmoqda. Toza havoga erishish uchun shahar asosiy jamoat transporti bo‘lgan eski avtobuslardan voz kechib, ularni yangi elektrobuslar bilan almashtirdi. Shuningdek, Bogotada metro tizimini ham to‘liq elektrlashtirish maqsad qilingan. Bogota meri Klaudiya Lopes Ernandes havo sifatining yaxshilanishida velosipedlarning ham muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharda har kuni 1 milliondan ortiq velosipeddan foydalaniladi. Bu harakatlar orqali har yili atmosferaga 16 000 metrik tonna karbonat angidrid yoki shunga o‘xshash zararli gazlar chiqishining oldi olinadi. Bugungi kunda Bogota havosi AQI ma’lumotlariga ko‘ra, yaxshi, ba’zan o‘rtacha darajani ko‘rsatmoqda.
Varshava, Polsha
Yevropa Ittifoqining 50 ta eng ifloslangan shaharlaridan 36 tasi Polshada joylashgan bo‘lib, havo ifloslanishi har yili 47 500 kishining erta o‘limiga sabab bo‘lishi aniqlangan. Mamlakat 2019 yilda C40 toza havo shaharlari deklaratsiyasini imzolaganidan buyon havodagi zaharli moddalarga qarshi kurashmoqda. Varshava butun shahar bo‘ylab 165 dan ortiq havo sifatini nazorat qiluvchi sensor o‘rnatdi. Bu Yevropadagi eng yirik tarmoq bo‘lib, Breathe Warsaw ulardan havo sifati ma’lumotlar bazasini ishlab chiqishda foydalanadi.
Polsha poytaxti, shuningdek, ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanishni bosqichma-bosqich to‘xtatmoqchi. Shahar aholisining eski pechka va qozonxonalardan foydalanishi ham havo tozaligiga ta’sir ko‘rsatar edi. Hukumat aholiga eski pechka va qozonxonalardan voz kechish uchun tuman issiqlik tarmog‘iga ulanish va qayta tiklanadigan energiya manbalarini o‘rnatishda subsidiyalar berdi va bu orqali 4500 dan ortiq qozonxonalar faoliyati tugatildi.
Varshavaning havo ifloslanishiga qarshi kurashdagi muvaffaqiyatga erishayotganining yana bir kaliti avtobuslarni yangilash bo‘ldi.
"Varshava nol emissiyali elektron avtobuslarni joriy etish bo‘yicha Yevropa yetakchilaridan biri hisoblanadi. Biz metro tizimini rivojlantirmoqdamiz, yangi tramvay liniyalarini quryapmiz, velosiped yo‘llari va velosipedlarni ijaraga berish tizimini takomillashtiryapmiz”, degan edi Magdalena Mlochovska, "Yashil Varshava" direktori.
Seul, Janubiy Koreya
26 million aholi istiqomat qiladigan Seul shahri havo sifati bo‘yicha inqirozga duch kelgani ajablanarli emas. Seulda o‘tkazilgan "oddiy" kunlarda ham siz nafas olayotgan havo o‘pkaga oltita sigaret chekilgani bilan barobar ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Seuldagi PM2.5 darajasi rivojlangan mamlakatlarning boshqa yirik shaharlariga qaraganda ikki karra yuqori. Janubiy Koreyada o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, havo ifloslanishi har yili taxminan 20 000 dan ortiq erta o‘limga sabab bo‘ladi. Biroq, so‘nggi yillarda Seulda havo sifatining asta-sekin yaxshilanishi kuzatildi. Qazib olinadigan yoqilg‘iga bog‘liqlikni kamaytirish va ekologiyaga oid qat’iy qoidalarni joriy etish borasidagi sa’y-harakatlar ushbu ijobiy tendensiyaga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, Janubiy Koreya hukumati qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish va ko‘mirda ishlaydigan stansiyalarni bosqichma-bosqich to‘xtatish kabi tashabbuslarni ilgari surdi. Seul havo sifatini yaxshilash bo‘yicha allaqachon o‘rnak ko‘rsatdi. Shahar 2025 yilgacha barcha davlat sektori va ommaviy tranzit parklarida dizel yoqilg‘isi bilan ishlaydigan avtomobillarni taqiqlashini e’lon qildi.
Bangkok, Tailand
Bangkok dunyoda eng tirband transport harakatiga ega ekanligini hisobga olsak, shaharning ifloslangan havo qatlami ostida qolishi tabiiy hol. 2020 yilda havodagi mayda zarrachalar (PM2.5) xavfli darajaga yetganligi sababli yuzlab maktablarni yopishga to‘g‘ri kelgan. Shahar havo ifloslanishi va uglerod chiqindilariga qarshi kurashish uchun bir qator tashabbuslarni boshladi. 2019 yilda boshlangan “Yashil Bangkok 2030" loyihasi shahardagi yashil maydonlar nisbatini kishi boshiga 10 kvadrat metrgacha oshirish, shahar umumiy maydonining 30 foizida daraxtlar uchun joy ajratish va piyodalar yo‘laklarining xalqaro standartlarga javob berishini ta’minlashga qaratilgan. Loyihaning birinchi bosqichida o‘n bitta bog‘, shuningdek, 15 km uzunlikdagi yashil yo‘l ochilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularning barchasi shaxsiy transportga kamroq tayanishni rag‘batlantirish va shu orqali ifloslanishni kamaytirishga qaratilgan.
Pekin, Xitoy
Pekin shahri so‘nggi yillarda ifloslangan havo timsoliga aylanib qolgan edi. 1998 yilda Pekin havo ifloslanishiga qarshi urush e’lon qildi. Oradan 20 yil o‘tdi va Xitoy poytaxti bu jangda g‘alaba qozonayotganga o‘xshaydi. Havo sifati sezilarli darajada yaxshilangan va olingan saboqlar havo ifloslanishiga qarshi kurashuvchi boshqa shaharlar uchun yo‘l xaritasini taqdim etadi.
“Havo sifatining yaxshilanishi tasodifan yuz bermagan. Bu vaqt, resurslar va siyosiy irodaning natijasidir. Pekinning havo ifloslanishiga qarshi tarixini o‘rganish shu yo‘ldan borishni istagan har qanday millat, tuman yoki munitsipalitet uchun juda muhimdir”, degan edi BMTning atrof-muhit bo‘yicha ijrochi direktori vazifasini bajaruvchi Joys Msuya.
1998 yilda Pekindagi havoning ifloslanishiga ko‘mir yoqilg‘isi va avtotransport vositalaridan chiqadigan zararli gaz sabab bo‘layotgani aniqlangan edi. Keyingi 15 yil ichida Pekin energiya infratuzilmasini optimallashtirish, ko‘mir yoqilg‘isi bilan ishlaydigan ifloslanishni nazorat qilish va avtomobillar chiqindilarini nazorat qilishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirdi. 2013 yilga kelib havoni ifloslantiruvchi moddalar darajasi pasaydi.
2017 yil oxirida Pekinda mayda zarrachalar bilan ifloslanish (PM2.5) 35 foizga, Pekin-Tyanjin-Xebey mintaqasida 25 foizga kamaydi. Ushbu muvaffaqiyatning katta qismi ko‘mir bilan ishlaydigan qozonxonalarni nazorat qilish, toza maishiy yoqilg‘i bilan ishlash va sanoatni qayta qurish bo‘yicha chora-tadbirlar natijasida yuzaga keldi. Bu davrda Pekinda oltingugurt dioksidi, azot oksidi, PM10 zarrachalari va uchuvchi organik birikmalarning yillik emissiyasi mos ravishda 83%, 43%, 55% va 42% ga kamaydi.
UNEP'ning 2021 yilgi havo sifati bo‘yicha harakatlar hisobotiga ko‘ra, dunyo davlatlarining atigi 31 foizida havoning transchegaraviy ifloslanishini boshqarish yoki unga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlari mavjud, 43 foiz mamlakatlarda esa bunday ta’rif yo‘q. Aksariyat mamlakatlarda havo sifati monitoringi va havo sifatini boshqarish tizimi hali mavjud emas.
Mohinur Mamatova
LiveBarchasi