O‘zgidromet: “May oyida 24 ta shaharda havoning ifloslanish darajasi past bo‘ldi”
Jamiyat
−
09 iyun 2020
8509May oyida O‘zbekistondagi 24 ta shaharda havoning ifloslanish darajasi past bo‘ldi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmat markazining may oyidagi kuzatuvlari xulosasida aytilgan.
O‘tgan oyda Olmaliq shahrida yuqori ifloslanish darajasi qayd etilgan. Shaharda AIIning (atmosfera ifloslanishining kompleks indeksi) qiymati 8,85 ga teng bo‘lgan.
Shaharlarda atmosfera havosi ifloslanishi sanoat korxonalari ajratmalarining tarqalishi va meteosharoitlarga bog‘liq bo‘lgan.
Umuman, respublika bo‘yicha 2020 yil mayda atmosfera havosining ifloslanish darajasi me’yor chegarasida bo‘lgan.
Respublika bo‘yicha radiatsiyaviy fon ifloslanishi holati to‘g‘risida
Atmosfera yeroldi qatlamining radiatsiyaviy monitoringi O‘zgidromet tarmog‘ida har kuni 40 ta shahar va aholi punktlaridagi meteomaydonchalarda gamma-nurlanish ekspozitsiya dozasini asboblar yordamida o‘lchash orqali amalga oshiriladi.
O‘tkazilgan radiatsiyaviy monitoring bo‘yicha 2019 yil mayda radiatsiyaviy gamma-fonning o‘rtacha qiymatlari ruxsat berilgan me’yor (0,30 mkz/ch) dan oshmagan.
Respublika bo‘yicha o‘rtacha gamma-fon qiymati 0,15mkZv/ch ni tashkil qilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zgidromet atmosfera havosi ifloslanishi monitoringini 25 ta shahardagi 56 ta statsionar kuzatuv punktida amalga oshiradi. Aholi soniga qarab va normativ hujjatlar asosida shaharlarda 2 tadan 4 tagacha post joylashtirilgan. Toshkentda 13 ta kuzatuv punkti bor. Kuzatuv punktlarida atmosfera havosidagi 12 ta gaz aralashmasi nazorat qilinadi. Shaharda atmosfera havosi sifatini monitoring qilish dasturi beshta asosiy ifloslantiruvchi modda: chang (qattiq muallaq zarrachalar), oltingugurt dioksidi, uglerod oksidi (is gazi), azot dioksidi, azot oksidini o‘z ichiga oladi. Sanoat ajratmalari tarkibi va yaqinda joylashgan shaharlar va tutashgan hududlar xususiyatlariga qarab dasturiy o‘lchovlarga boshqa moddalar (ammiak, fenol, formaldegid, ozon, xlor, qattiq ftoridlar, ftorli vodorod, og‘ir metallar) qo‘shiladi.
Atmosfera havosi holati ustidan kuzatuvlar har kuni haftasiga 6 kun sutka davomida 3 marta (mahalliy vaqt bilan soat 7:00, 13:00, 19:00 da) amalga oshiriladi. O‘zgidromet kuzatuv punktlarida havo namunalari aspirator usulida olinadi va markaz laboratoriyalarida tahlil qilinadi.
Atmosfera havosi ifloslanish darajasining ko‘rsatkichi — bu atmosfera ifloslanishining kompleks indeksidir (AII).
Shahar atmosfera havosi ifloslanish darajasini tavsiflash uchun standart integral ko‘rsatkich — atmosferaning ifloslanish indeksi (AII)dan foydalaniladi, u beshta asosiy ifloslantiruvchi ingrediyent (chang, oltingugurt dioksidi, uglerod oksidi (is gazi), azot dioksidi, azot oksidi) bo‘yicha hisoblanadi. AIIning 5 balldan kam qiymati past ifloslanish darajasiga to‘g‘ri keladi.
Havoning ifloslanish darajasi AII 0-4 bo‘lganda past, AII 5-6 bo‘lganda oshgan va AII 7-14 bo‘lganda yuqori, AII> 14 bo‘lganda eng yuqori hisoblanadi.
LiveBarchasi