“Dunyo Rossiyadan ko‘ra kattaroq”. Zelenskiy aholisini yangi zarbalardan ogohlantirdi

Olam

−

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli hujum tayyorlayotganini aytdi. Uning bildirishicha, bu haqda yangi razvedka ma’lumotlari mavjud. Bu haqda u kecha, 6 oktyabr kuni o‘zining Telegram-kanalida e’lon qilgan videomurojaatida ma’lum qildi.

“Rossiyaning keng miqyosli hujumga tayyorgarligi bo‘yicha yangi ma’lumotlarimiz bor. Sizlardan o‘zingizga ehtiyot bo‘lishni so‘rayman. Raketa xavfi haqidagi ogohlantirishlarga darhol javob bering”, degan Zelenskiy.

U, shuningdek, Ukraina xizmatlari va mamlakat havo kuchlari mavjud mudofaa imkoniyatlari doirasida hujumga javob berishga tayyorligini aytgan. Zelenskiyning bildirishicha, Rossiyaning ehtimoliy yangi hujumiga qarshi turishda Ukraina hamkorlarining yordami ham muhim.

“Dunyodagi har bir davlat rahbari va bizga zarur bo‘lgan mudofaa imkoniyatlariga ega, ularni bizga taqdim eta oladigan har bir davlatning roli juda muhim”, dedi u.

U, ayniqsa, AQSH, Yevropa va boshqa hamkor davlatlarda Ukrainaga yordam berish uchun siyosiy iroda bo‘lishi muhimligini ta’kidlagan.

“Dunyo Rossiyaning yovuzligidan ko‘ra kattaroq, hayotni himoya qilish esa barchamiz hamkorlik qilishimiz kerak bo‘lgan vazifa”, degan Zelenskiy.

Bundan tashqari, u Ukrainaga yordam berayotgan barcha davlatlarga minnatdorlik bildirgan.

Ma’lumot uchun, oxirgi vaqtlarda Rossiya Ukrainaning fuqarolik ob’ektlariga hujumlarni kuchaytirgan. Xususan, Rossiya oktyabr oyi boshidan buyon Ukrainaning bir nechta ko‘priklariga zarba berdi. Shuningdek, Rossiya Ukrainaning qishloqlari, aholi turar joylariga hujumlarni ko‘paytirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zelenskiy Ukraina armiyasi Rossiya armiyasining yangi taktikasiga javoban Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga beriladigan zarbalarni kuchaytirishini aytgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing