Dunyo okeani rekord darajada isib ketdi
Bu qiziq
−
04 iyul 3060 2 daqiqa
Joriy yilning iyun oyida dunyo okeani yuzasining o‘rtacha harorati kuzatuvlar tarixidagi iyun oyi uchun eng yuqori ko‘rsatkichga ko‘tarilib, 21 daraja yaqinlashdi. Ushbu ko‘rsatkich harorat 20,9 daraja atrofida bo‘lgan 2023 va 2024 yillardagi rekordlarni yangiladi. Bu haqda Yevropaning “Copernicus Marine” monitoring xizmati xabar berdi.
Joriy yilning dastlabki olti oyida dunyo okeanining o‘rtacha harorati uzluksiz ravishda ko‘tarilib, yarim yillik yakunlariga ko‘ra plyus 20,94 darajani tashkil etgan. Bu kuzatuvlar tarixidagi ikkinchi eng yuqori natija hisoblanadi.

“Dengizdagi issiqlik to‘lqinlari butun davr davomida to‘xtovsiz tarqalib, yakunda dunyo okeanining taxminan 82 foizini qamrab oldi”, deydi “Copernicus” dengiz xizmatining yetakchi okeanografi Saymon van Gennip.
Tadqiqotchining so‘zlariga ko‘ra, O‘rta yer dengizi, Shimoliy Atlantikaning markaziy qismi va Tinch okeanining ekvatorial qismi yuqori harorat o‘choqlariga aylangan. Ushbu suv havzalarida ham rekord darajadagi ko‘rsatkichlar qayd etilgan. Van Gennip dunyo okeani barqaror issiqlik stressi (bosimi) ostida ekanini bildirgan.
“Copernicus Marine” press-relizida ko‘rsatilishicha, bunday isish El-Nino iqlim hodisasining boshlanishi bilan bog‘liq. El-Nino – Tinch okeanining markaziy va sharqiy qismlarida 9 oydan 12 oygacha davom etadigan anomal isish davridir. Iyun oyining o‘rtalarida Avstraliya Meteorologiya byurosi ushbu hodisa boshlanganini e’lon qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning iyun oyida Yevropani qamrab olgan kuchli issiq to‘lqini davrida Fransiya, Belgiya va Niderlandiyada dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kamida 3 700 nafardan ortiq o‘lim holati qayd etilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi