Dunyo bo‘ylab 36 million kishi zulmatda yashamoqda

Bu qiziq

image

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tashabbusi bilan oktyabr oyining ikkinchi payshanbasida Jahon ko‘rish kuni (World Sight Day) nishonlanadi.

Bu sana taqvimda ko‘rlik, ko‘rish buzilishi va ko‘rish qobiliyati buzilgan odamlarni reabilitatsiya qilish muammolariga butun dunyo e’tiborini jalb qilish uchun belgilangan. Ushbu muammo bilan bog‘liq turli tashkilotlar Jahon ko‘rish kunini nishonlashda ishtirok etmoqda. 

Ko‘zi ojizlik – ko‘rish qobiliyatining yo‘qligi. Surunkali ko‘rlikning asosiy sabablariga katarakta, glaukoma, traxoma va bolalarda ko‘z kasalliklari kabilar kiradi. Yosh bilan rivojlanib boradigan ko‘zi ojizlik, shuningdek nazoratsiz diabet tufayli paydo bo‘ladigan ko‘zi ojizlik dunyoda keng tarqalgan. 

Xalqaro ko‘rlikni oldini olish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 253 million odam ko‘rish bilan bog‘liq muammoga ega. Ulardan 36 millioni umuman ko‘ra olmaydi, 217 millionida ko‘rishning o‘rtacha yoki og‘ir buzilishi bor. 

Ko‘z kasalliklari 19 milliondan ortiq bolalarga ta’sir qiladi. Bundan tashqari, ko‘rish qobiliyati buzilganlarning 82 foizini 50 va undan katta yoshdagi odamlar tashkil qiladi. 

So‘nggi yillarda ko‘plab mamlakatlarda keksalar soni oshgani sayin, ko‘proq odamlar yoshga bog‘liq ko‘rish qobiliyatining buzilishi xavfiga duch kelmoqda. Biroq, ko‘zi ojizlikning aksariyat holatlarini o‘z vaqtida davolash bilan oldini olish mumkin bo‘ladi. 

Jahon ko‘rish kuni doirasida ko‘z kasalliklarining oldini olishga qaratilgan ta’lim va profilaktika ishlari olib borilmoqda. Ba’zi mamlakatlarda aholi bu vaqtda oftalmolog ko‘rigidan o‘tish imkoniyatiga ega. 

Shifokorlar ko‘z kasalliklarining oldini olish uchun chekishni tashlashni maslahat beradi, chunki nikotin ko‘rishga yomon ta’sir qiladi. Shuningdek, qorag‘at, qora smorodina, sabzi, treska (baliq turi) jigari, ko‘katlar iste’mol qilish, televizor oldida va elektron o‘yinlarda kamroq vaqt o‘tkazish, kompyuterda ishlaganda, zamonaviy monitor va yuqori sifatli dasturlardan foydalanish tavsiya etiladi. 

Oftalmologga muntazam ravishda tashrif buyurish va hayotning oddiy qoidalariga rioya qilish uzoq vaqt davomida yaxshi ko‘rish qobiliyatini saqlashga yordam beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

34

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing