Toshkentda Turkiya elchisi jahon siyosatidagi ikkiyuzlamachiliklarni qoralab chiqdi (video)
Jamiyat
−
28 mart
11551Bugun, 28 mart kuni Toshkentdagi “Hilton” mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan “Dunyo adolatliroq bo‘lishi mumkin” nomli jamoat forumida Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ufuk Ulutash BMT Xavfsizlik Kengashining 5 nafar doimiy a’zosi Xitoy, Fransiya, Rossiya, Buyuk Britaniya va AQSHning veto o‘yinlari haqida so‘z ochib, jahonda yuz berayotgan adolatsiz va ikkiyuzlamachilik siyosatiga to‘xtaldi. Bu haqda QALAMPIR.UZ muxbiri xabar berdi.
20 dan ortiq turli mamlakatlar qatori O‘zbekistonda ham global miqyosda sodir bo‘layotgan adolatsizliklarning sabablarini o‘rganish va bu adolatsizliklarga yechim topish maqsadida o‘tkazilgan uchrashuvda elchi nutqini Turkiya Prezidenti Rajab Toib Erdo‘g‘anning bir necha yil oldin aytgan “Dunyo besh mamlakatdan katta” degan so‘zi bilan boshladi.
Ufuk Ulutashga ko‘ra, Erdo‘g‘anning bu chaqirig‘i Somalidan Indoneziyagacha, Bosniya-Gersegovinadan Sudangacha, O‘zbekistondan Venesuelagacha, Falastindan Ruandagacha dunyoning har bir burchagida aks-sado bergan.
Elchi gapini Ikkinchi jahon urushidan keyin Birlashgan Millatlar Tashkiloti markazida adolat va tinchlik o‘rnatish maqsadida tuzilgan xalqaro tizim (Xavfsizlik Kengashi tahr.) yillar davomida eskirayotgani, bu o‘qda o‘rnatilgan qoidalar ikki tomonlama standartlar bilan qo‘llanilayotgani haqidagi xavotirlari bilan davom ettirdi.
Diplomat bunga misol sifatida Falastin masalasini ko‘rsatib, yillar davomida Falastin xalqiga qilinayotgan jinoyatlar qarshisida xalqaro hamjamiyat naqadar ojiz qolganini tanqid ostiga oldi.
- “Hammasi ham mayli, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon biz guvoh bo‘lgan shafqatsizlik, vahshiylik va qirg‘inlar;
- hayotdan yulib olingan bolalar va ayollar;
- o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan jurnalistlar, xalqaro tashkilotlar vakillari va tibbiyot xodimlari;
- ochlik va mahrumlik bilan jazolangan o‘n minglab odamlar;
- shifoxonalari va maktablari vayron bo‘lgan begunoh odamlar;
- o‘z vatanlaridan quvg‘un qilingan minglab muhojirlar bu tendensiyaga nuqta qo‘yish kerakligining so‘nggi misolidir”, dedi elchi.
Elchi musulmonlarga nisbatan uyushtirilgan qatliomlardan yana biri – Bolqonda mutaassiblar va genotsid tarafdorlari qo‘lida qolgan aholining nochorligi haqidagi achchiq xotiralarni yodga oldi.
Shuningdek, Ulutash Suriyadagi sobiq prezident Bashar Asad rejimining xunrezliklariga ham to‘xtalib o‘tdi.
“Suriyadagi hukumat o‘z xalqiga turli yo‘llar bilan, jumladan kimyoviy qurollar bilan zarar yetkazganda sukut saqlagan holda Suriya xalqining ne chog‘lik yolg‘iz qolganini birgalikda boshimizdan o‘tkazdik”, dedi u.
Elchi so‘zining so‘nggini Birlashgan Millatlar Tashkiloti faoliyatiga to‘xtalib, tashkilot tomonidan qabul qilingan qarorlar va berilgan va’dalar to‘g‘ri bajarilmayotganini aytdi va BMT chuqur islohotga muhtoj ekanini bayon qildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Turkiyaning O‘zbekistondagi 4 yillik elchisi Olgan Bekar missiyasini yakunlaganidan so‘ng, uning o‘rniga Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi etib Ufuk Ulutash tayinlagan edi. 6 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ufuk Ulutashning ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.
LiveBarchasi