Do‘kon rastalarini bo‘shatib, vahima uyg‘otish kimga kerak?
Jamiyat
−
15 mart 2020
16039Ma’lumki, bugun, 15 mart kuni soat 06:00 da O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi. Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvlarni keltirib chiqardi.
Butun dunyoda kuzatilgani kabi, O‘zbekistonda, xususan poytaxt Toshkentda supermarketlar, bozorlar odamlar bilan gavjum bo‘lib, ko‘pchilik uyini oziq-ovqat zaxirasi bilan to‘ldirishni boshladi. Bu ham yetmagandek, ijtimoiy tarmoqlarda do‘konlardagi turnaqator navbatlar, bo‘sh qolgan rastalar suratlari va videolari tarqatilmoqda. Aholi orasida keraksiz vahima, ortiqcha sarosima uyg‘otilmoqda.
Koronavirus dunyo miqyosida qayd etilishi boshlanganiga ikki yarim oy to‘ldi. Bu vaqt oralig‘ida O‘zbekiston moddiy, tibbiy barqarorlikni yanada mustahkamladi. Oziq-ovqatlar zaxirasi kengaytirildi. Buning uchun har bir sohaning tajribali mutaxassislari jalb etildi. Shunday ekan ortiqcha vahimaga va paytdan foydalanib, odamlarning kayfiyatiga ta’sir o‘tkazishning hojati yo‘q.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil oddiygina gripp kasalligi ortidan olamdan o‘tganlar dunyo miqyosida sal kam 10 ming kishini tashkil etmoqda. Koronavirus ortidan vafot etganlar esa 6 ming nafar. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu virusning qanchalik jiddiligi, u bilan bog‘liq boshqa faktlar, shaxsiy gigiyena qodilariga rioya qilish haqidagi tavsiyalar u bilan bog‘liq vahimalar fonida qolib ketyapti.
Shu bugun Toshkentda bozorlar yopilarmish degan ma’lumotlar tarqaldi. Biz mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati rahbari Furqat Mahmudxo‘jayev bilan bog‘landik. Hokimlik rasmiysining qayd etishicha, poytaxtdagi bozorlar va do‘konlar faoliyatini har doimgidek davom ettiradi. Poytaxtning oziq-ovqat zaxirasi ham yetarli darajada.
Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.
LiveBarchasi