Dugonalari bilan qorayish bo‘yicha raqobatlashgan ayol teri saratonidan vafot etdi

Olam

−

image

Angliyaning Manchester shahrida 15 yoshidan dugonalari bilan terisini kim ko‘proq qoraytirishi bo‘yicha raqobatlashib, muntazam solyariyga (terini qoraytirishga mo‘ljallangan uskuna va joy) qatnagan 30 yoshli Chelsi Tantum teri saratonidan vafot etdi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Chelsiga 28 yoshida melanoma – teri saratonining xavfli turi tashxisi qo‘yilgan. O‘sha paytda kasallik ancha rivojlangan va uning umurtqa pog‘onasi, qovurg‘alari, tos suyagi, son suyaklari, o‘pkasi, jigari, talog‘i hamda ko‘krak qismiga tarqalib ulgurgan.

Shifokorlar dastlab unga melanomaning 3C bosqichini tashxis qilgan. Biroq 30 yoshga to‘lishiga bir necha hafta qolganida saraton bosh miyasiga ham tarqalgani aniqlangan. Shundan so‘ng, unga kasallikning 4D bosqichi tashxisi qo‘yilgan.

Kasallik og‘irlashib, kundalik hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Chelsi bir muddat nogironlar aravachasidan foydalanishga ham majbur bo‘lgan. Shunga qaramay, u hayotining so‘nggi yillarida boshqalarni solyariyning xavfi haqida ogohlantirish va undan foydalanish qoidalarini kuchaytirish uchun faol harakat qilgan.

Chelsi, avvalroq, solyariydan ilk bor 15 yoshida foydalana boshlaganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u va dugonalari kimning terisi ko‘proq qorayishi bo‘yicha raqobatlashgan. U voyaga yetmagan bo‘lishiga qaramay, solyariy salonlariga borganida undan shaxsini tasdiqlovchi hujjat so‘ralmagan.

Ayol keyingi o‘n yil davomida ham solyariyga muntazam qatnashda davom etgan. Kasallik aniqlanganidan so‘ng esa u boshqa yosh ayollar ham xuddi shunday holatga tushib qolmasligi uchun solyariy salonlarida nazoratni kuchaytirishga chaqirgan. Xususan, 18 yoshga to‘lmaganlarning ushbu xizmatdan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni majburiy tekshirishni taklif qilgan.

Bundan tashqari, Chelsi melanoma bilan kasallangan insonlarni qo‘llab-quvvatlaydigan va kasallikning oldini olish bo‘yicha xabardorlikni oshiradigan Melanoma Focus xayriya tashkiloti uchun 4 ming funt sterlingdan ortiq mablag‘ to‘plagan.

Qayd etilishicha, Chelsi joriy yilning 30 sentyabr kuni vafot etgan. Uning o‘limidan so‘ng yaqinlari va do‘stlari ayolning kasallik bilan kurashish davomida ham boshqalarga yordam berishga intilganini eslagan.

Oila a’zosi Li Kreven Chelsining so‘nggi kunigacha kurashishdan to‘xtamaganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, ayol o‘zi boshdan kechirgan sinovlardan boshqalarni kasallik haqida ogohlantirish uchun foydalangan.

Chelsining yaqin dugonasi Kler Luiza esa uni kuchli, go‘zal, quvnoq, qat’iyatli va unutilmas inson sifatida ta’riflagan. Uning aytishicha, Chelsi og‘ir kasallikka qaramay, boshqalarga yordam berish va ularni qo‘llab-quvvatlash uchun kuch topa olgan.

“Men sening hech kim boshidan kechirmasligi kerak bo‘lgan azoblarni boshdan o‘tkazganingni ko‘rdim. Shunga qaramay, o‘z tajribang orqali boshqalarga yordam berish va ularni qo‘llab-quvvatlashga kuch topding”, degan Kler Luiza.

U, shuningdek, Chelsi bilan o‘tgan vaqtini qadrlashini va 30 yil uning hayoti uchun juda qisqa bo‘lganini bildirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing