Dubayga surmoqchi bo‘lgan soxta “makler” ushlandi
Jamiyat
−
27 Oktabr 2023
9433Toshkentdan ijara uy topib berishni va’da qilib, 50 dan ortiq fuqaronining pullarini o‘zlashtirgan soxta “makler” ushlandi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Bildirilishicha, Ichki ishlar organlariga Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashovchi 20 yoshli T.J. tomonidan murojaat kelib tushgan. Unga ko‘ra, noma’lum shaxs fuqaroning bank kartasidan 300 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘ini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib olgan.
Ushbu holat yuzasidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida jinoyat Namangan viloyati Chortoq tumanida yashovchi 18 yoshli T.B. tomonidan sodir etilgani aniqlandi.
Bildirilishicha, u Telegram messenjerida “Bezmakler” nomli kanal ochgan va odamlarga Toshkent shahridan ijara uy topib berishni va’da qilib, oldindan boshlang‘ich to‘lov olgan. So‘ngra "uddaburon" firibgar yozishmalarni o‘chirib yuborgan. Keltirilishicha, gumonlanuvchi o‘zlashtirilgan pullari bilan Dubayga qochib ketishni rejalashtirgan, ammo orzusi ushalmay, organ xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
“Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, T.B.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismiga ko‘ra bunday jinoiy xatti-harakatlarni sodir etganlik uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanadi.
LiveBarchasi