DTM imtihon o‘tkazish xavfli ekanini aytganlarga javob qaytardi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarini pandemiya sharoitida o‘tkazish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. DTM unga munosabat bildirib, imtihonga tayyorgarlik haqida ma’lumot berdi.

“Hammaga ma’lumki, test sinovlarining katta sig‘imli binolarda o‘tkazilishi bilan test sinovlari adolatli va shaffof bo‘lishiga erishildi. Ma’lumki, test sinovlari 2017 yilgacha 1000 dan ortiq binolarda, xususan, oliy ta’lim muassasalari, maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari binolarida kichik auditoriyalarda o‘tkazilar edi. Bunda test sinovlarini Davlat test markazi tomonidan to‘liq nazorat qilish imkoniyati yo‘q edi va bu har xil korrupsion holatlarga olib kelardi.

2018 yildan esa yangi tizimga o‘tilib, test sinovlari katta sig‘imli binolarda videokuzatuv ostida onlayn translatsiya qilingan holda o‘tkazila boshlandi”, deydi DTM.

Markaz amaldagi tizimda imtihon o‘tkaziladigan binolar kamligi uchun nazorat olib borish osonlashgani va bu test sinovlari adolatli o‘tishiga xizmat qilayotgani ta’kidlangan.

“Oldingi tizimdan farqli o‘laroq hozirgi tizimda test sinovlari bo‘lib o‘tadigan binoga faqatgina guruh nazoratchisi, bino rahbari va DTM vakili kirishi mumkinligi belgilangan bo‘lib, binolar soni oldingidek ko‘p bo‘lmagani uchun har bir binoda Davlat test markazi xodimi test sinovlariga umumiy rahbarlik qilmoqda va bu test sinovlarining sifatli va adolatli o‘tishida eng muhim omillardan biri bo‘lmoqda.

Binoga kirishda shaxsni identifikatsiyalash vositalari hamda videofiksatsiya qurilmalaridan foydalanilayotgani esa jarayonning yanada shaffof va adolatli o‘tkazilishiga sabab bo‘lmoqda”, deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, 2020 yilda ham test sinovlarini katta sig‘imli binolarda videokuzatuv ostida onlayn translatsiya qilingan holda o‘tkazish rejalashtirilgan va hozirgi kunda jarayonni sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilgan holda o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Jumladan:

•    test sinovi o‘tkaziladigan hududlarga kirish qismida antiseptik vositalar bilan jihozlangan stollar va bino ichkarisida birinchi tibbiy muolaja punkti tashkil etiladi;
•    har bir hudud navbatchi tez tibbiy yordam mashinasi bilan ta’minlanadi;
•    test sinovlari o‘tkaziladigan binolar har bir smenadan oldin va keyin shamollatiladi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi xodimlari tomonidan dezinfeksiya qilinadi;
•    binoga kirishdan oldin abituriyentlar dezinfeksiya yo‘lagidan o‘tkaziladi;
•    ularning tana harorati o‘lchanib, har bir abituriyent alohida yangi tibbiy qo‘lqop va niqob bilan ta’minlanadi;
•    test sinovi o‘tkaziladigan hududga kiritishda tana harorati 370 C dan yuqoriligi aniqlangan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmasdan dalolatnoma tuzilib, tibbiy tekshiruv o‘tkazish uchun hududga biriktirilgan tibbiyot xodimiga topshiriladi;
•    Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tibbiy tekshiruvidan o‘tkazilgan va koronavirus kasalligi aniqlanmagan abituriyentlar uchun respublika bo‘yicha test sinovlari to‘liq yakunlangandan so‘ng to‘rtinchi kuni test sinovlari o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, hozirgi kunda test sinovlari o‘tkaziladigan binolar sovutish va ventilyatsiya tizimlari bilan ta’minlangan bo‘lib, binolarda abituriyentlarning ijtimoiy masofa saqlashlari uchun har bir abituriyentga 3 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan joy ajratilayotgani va binolarning holati bo‘yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligidan tegishli xulosalar olinayotgani qo‘shimcha qilingan.

“Umuman olganda, test sinovlarini sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilgan holda o‘tkazish bo‘yicha barcha ishlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va Respublika maxsus komissiyasi bilan kelishilgan holda, ularning tavsiyalari asosida amalga oshirilmoqda”, deydi DTM.

Markaz ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarga e’tibor qaratib, ularga izoh bergan.

Jumladan, test sinovlarining boshlanish kuni Davlat test markazi tomonidan belgilanmaydi, balki O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining qarori bilan belgilanadi.

Shuningdek, qo‘shni davlatlarda test sinovlari o‘tkazilayotganida xavf kam ekani, O‘zbekistonda esa ko‘proq deyishga esa hech qanday dalil mavjud emasligi ta’kidlangan.

“Test sinovlarini maktablarda tashkillashtirish tizimiga qaytish noto‘g‘ri bo‘lishini barchamiz bilib turibmiz. Ba’zi bir shu yo‘l bilan abituriyentlarga “yordam” bermoqchi bo‘lgan “ustoz”larga albatta orqaga qaytish juda ham qo‘l keladi va shu fikrni dunyodagi pandemiya holatini niqob qilib olish orqali yoshlarning miyasiga quyish bilan ovora.

Onlayn test sinovlariga keladigan bo‘lsak, dunyoda hech bir davlat bunday katta miqdordagi abituriyentlar uchun onlayn test o‘tkazmaydi, buning iloji ham yo‘q. Bu bo‘yicha Davlat test markazi tomonidan barcha xalqaro hamkorlarimiz bilan aloqa qilingan va hech birida onlayn test sinovlarini o‘tkazish rejalashtirilmagani aytilgan”, deydi tarmoqlardagi fikrlarga javoban.

Qayd etilishicha, “Onlayn proktoring” (test sinovlarini uyda topshirish va onlayn ularni nazorat qilish) tizimidan foydalanayotgan tashkilotlar ham uning xavfsizligi, qanday yo‘llar bilan aldash mumkinligi hali to‘liq o‘rganilmaganligini ta’kidlab o‘tishgan. Pandemiya o‘tib ketgandan keyin bu tizimdan voz kechish rejasi yo‘q emasligini ham aytib o‘tishgan.

“Hozirgi kunda hech kim to‘liq bu infeksiyadan o‘zimni asray olaman deya olmasligini yaxshi bilamiz.

Shuning uchun Davlat test markazi tomonidan rejalashtirilgan test sinovlari nafaqat adolatli va shaffof o‘tishini, balki abituriyentlarning sog‘lig‘i ham birinchi o‘rinda turishini ma’lum qilamiz va buni imkoni boricha ta’minlashga harakat qilamiz”, deyd DTM.


Maqola muallifi

Teglar

OTM imtihon DTM

Baholaganlar

1085

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing