DSQ jismoniy shaxslarning plastik kartasidagi mablag‘ ustidan nazoratni kuchaytirmoqchi

Jamiyat

image

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhkamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari tomonidan bank hisobvaraqlariga oid axborotlarni Davlat soliq qo‘mitasiga elektron uzatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida” idoralarning qo‘shma qaror loyihasi joylashtirildi.

Qaror loyihasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan. Uni Davlat soliq qo‘mitasi va Markaziy bank rahbari tasdiqlashi kerak.

Agar loyiha kuchga kirsa, MB tomonidan DSQga yuridik shaxslar va yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan yakka tartibdagi tadbirkorlarning hisobvaraqlari hamda ularning rekvizitlari to‘g‘risidagi axborotlar har kuni keyingi ish kunidan kechiktirmagan holda taqdim etiladi.

Tijorat banklari tomonidan soliq organlariga quyidagilar:

yuridik shaxslar va yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan yakka tartibdagi tadbirkorlarning ushbu Nizomning 2-ilovasida qayd etilgan hisobvaraqlari bo‘yicha o‘tkazilgan pul mablag‘lari aylanmalari to‘g‘risidagi axborotlarni DSQ so‘roviga ko‘ra uch ish kunida;

yuridik shaxslar va yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan yakka tartibdagi tadbirkorlarning ushbu Nizomning 2-ilovasida qayd etilgan hisobvaraqlaridagi qoldiq mablag‘lari to‘g‘risidagi axborotlarni DSQ so‘roviga ko‘ra uch ish kunida;

bir oy davomida jismoniy shaxslarning barcha bank kartalariga kelib tushgan pul mablag‘lari aylanmasi 30 mln.so‘mdan (shu jumladan, chet el valyutasi milliy valyuta ekvilentida bo‘lgan taqdirda) va transaksiyalar soni 10 tadan oshgan P2P operatsiyalari to‘g‘risidagi axborotlarni DSQ so‘roviga ko‘ra uch ish kunida milliy hamda chet el valyutasida;

O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochgan rezident-yuridik shaxslarning hisobvaraqlari hamda ularning rekvizitlari, ulardagi qoldiq mablag‘lari va o‘tkazilgan pul mablag‘lari aylanmalari to‘g‘risidagi axborotlarni har chorak yakuni bilan, keyingi oyning 25-sanasiga qadar taqdim etiladi.

MB va tijorat banklari tomonidan DSQga axborotlarning ushbu Nizom asosida uzatilishi, tijorat banklarini soliq organlarining qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda yozma so‘rovlarida belgilangan axborotlarni uch ish kuni ichida taqdim etishdan ozod etmaydi.

Axborotlar texnik sabablarga ko‘ra to‘liq jo‘natilmagan hollarda, DSQning yozma so‘roviga asosan ushbu axborotlar MB va tijorat banklari tomonidan DSQga takroran yuborilishi mumkin.

Ushbu Nizom yuzasidan taqdim etilayotgan axborotlar bo‘yicha DSQ hamda MBning kelishuvi asosida o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

soliq plastik karta bank

Baholaganlar

292

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing